Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyati — O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1924 yil 1 noyabrda tashkil etilgan. 1927 yil 17 Fevraldan 1938 yil 15 yanvargacha Qashqadaryo okrugi maqomida. 1938 yil 15 yanvarda Buxoro viloyatiga qo’shib yuborildi. 1943 yil 20 yanvarda qayta tashkil etildi. 1960 yil 25 yanvarda Surxondaryo viloyatiga qo’shildi. 1964 yil 7 Fevraldan yangidan tashkil etildi. Respublikaning jang’arbida, Qashqadaryo havzasida, Pomir Olay tog’ sistemasining g’arbiy chekkasida, Amudaryo va Zarafshon daryolari, Hisor va Zarafshon tizma tog’lari orasida. Shimoli g’arbdan Buxoro, Janubi sharqdan Surxondaryo, Janubi G’arb va g’arbdan Turkmaniston, sharqdan Tojikiston va Samarqand viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 28,6 ming km2. Aholisi 2378,2 ming kishi (2005). Tarkibida 13 qishloq tumani (Dehqonobod, Kasbi, Kitob, Koson, Mirishkor, Muborak, Nishon, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabog’, Qamashi, Qarshi, G’uzor), 12 shahar (Beshkent, kitob, Koson, Muborak, Tallimarjon, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabog’, Yangi Nishon, Qamashi, Qarshi, G’uzor), 4 shaharcha (Dehqonobod, Miroqi, Eski Yakkabog’, Qashqadaryo), 147 qishloq fuqarolari yig’ini, 1064 qishloq bor (2005). Markazi — Qarshi shahri. Tabiati. Viloyat hududi, asosan, Qashqadaryo botig’ini o’z ichiga olgan; shimol, Sharq va janubi sharqdan Zarafshon hamda Hisor tizma tog’lari bilan o’ralgan. Tog’lar bilan tekisliklar orasini adirlar egallagan. Tekislikning katta qismi g’arbda Sandiqli va Qizilqum cho’llari bilan tutashgan Qarshi cho’lidan iborat. Iqlimi kontinental. Qishi nisbatan yumshoq. Yozi uzoq (155-160 kun), issiq, quruq. Yanv.ning o’rtacha temperaturasi 0,2° dan 1,9° gacha, iyulniki 28°-29,5°. Eng yuqori temperatura 45°. Eng past temperatura -20°. Yiliga tekisliklarda 290— 300 mm, adirlarda 520-550 mm, tog’larda 550-650 mm yog’in tushadi. Yog’in, asosan, bahor va qishda yog’adi, yozda garmsel esadi. Tog’larda turg’un qor qoplami hosil bo’ladi (2-6 oy). Vegetatsiya davri tekisliklarda 290-300 kungacha. Asosiy daryosi — Qashqadaryo. Uning irmoqlari — Jinnidaryo, Oqsuv, Yakkabog’daryo, Tanxozdaryo, G’uzordaryo (katta va Kichik O’radaryo bilan birga). Daryolar qor, yomg’ir va muzliklar suvidan to’yinadi. Daryo suvidan, asosan, sug’orishda foydalaniladi. Chimqo’rg’on, Qamashi, Pachkamar suv omborlari; Fayziobod, 8 mart, Eskibog’, Eski Anhor, Koson, Paxtaobod, Qarshi va boshqalar kanallar bor. Qarshi cho’lini o’zlashtirishda 6 nasos stansiyasi, ochiq va yopiq kollektor drenaj tarmoqlari qurilgan. Sug’oriladigan erlarning tuprog’i, asosan, tipik va och bo’z tuproqlar. Kitob — Shahrisabz soyligida ko’proq qumoq tuproqlar mavjud. Tog’larda balandlik mintaqalari bo’ylab tipik bo’z tuproqlar tarqalgan. Tabiiy florasi 1200 ga yaqin yuksak o’simlik turidan iborat. Viloyatda 76,6 ming gektar o’rmon mavjud. O’rmonlarning asosiy qismini archa va saksovulzorlar tashkil etadi. Tog’yon bag’irlari har xil o’t o’simliklari bilan qoplangan, shuningdek, butazorlar ham bor. Tog’ o’rmonlari archa, bodom, pista, jiydazorlardan iborat. Tog’larda na’matak, zirk, chakanda, anzur piyozi, qora zira va boshqalar o’sadi. Viloyat hududida 100 dan ziyod qush turi, sut emizuvchilarning 60 turi, sudralib yuruvchilarning 7 turi uchraydi. Daryo va suv havzalarida qumbaliq, ilonbosh, zog’orabaliq, gulmohi, xramula, qorabaliq yashaydi. Viloyatda Hisor tog’ o’rmon va kitob davlat geologiya qo’riqxonalari joylashgan; kitob balandtog’ rasadxonalar majmuasi faoliyat ko’rsatadi. Aholisi, asosan, o’zbeklar (91,2%), shuningdek, tojik, turkman, rus, qozoq, ukrain, Ozarbayjon, koreys, qirg’iz, turk, ukrain, Belorus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 83,7 kishi. Shahar aholisi 587,5 ming kishi, qishloq aholisi 1790,7 ming kishi (2005). 20-asr boshlarigacha hozirgi Qashqadaryo viloyati hududida yashagan aholining ko’pchiligi orasida urug’qabilalarga bo’linish saqlanib kelgan. Masalan, Qarshi shahri va uning atroflarida Mang’it, saroy, qavchin, qatag’on, kutchi, qipchoqlar, xtoy, qirq va boshqalar urug’lar, Shahrisabz va uning atroflarida kenagas, saroy, Qutchi, turk, qatag’on, qalmoq, qang’li, chuyut, Qiyot, Qo’ng’irot, mojor, Mang’it, Mitan, mo’g’ul, Nayman, Sayot urug’lari, G’uzor va uning atroflarida qavchin, kerayit, Qo’ng’irot, Mang’it va boshqalar urug’lar yashagan. Ular dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shug’ullanishgan. Xo’jaligi. Qashqadaryo viloyati qishloq xo’jalik mahsulotlarini yetishtirish hamda yoqilg’i resurslarini qazib olish bo’yicha O’zbekistonda muhim o’rin egallaydi. Viloyat respublikada qazib olinadigan tabiiy gazning 88%, neftning 92%, kondensatning 99,6%, oltingugurtning 100% ni beradi. Qashqadaryo respublikada eng ko’p don va paxta yetkazib beradigan viloyatdir. O’zbekistonda tayyorlanadigan yalpi qishloq xo’jalik mahsulotining 10,2%, shu jumladan, paxtaning 11,8%, g’allaning 12%, Qorako’l terining 19% viloyat hissasiga to’g’ri keladi. Tabiiy gaz, kondensat va qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi tarmoqlar rivojlanmoqda. Viloyatda 1,1 ming kichik korxona, 40,6 ming mikrofirma bor. Bular sanoat, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, qishloq xo’jalik va boshqalar korxonalardan iborat. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: — tabiiy gaz va neft qazib olish, gazni qayta ishlash, paxta tozalash, yog’ekstraktsiyasi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ip yigiruv, tikuvchilik, oziq- ovqat va boshqalar eng yirik korxonalari: muborak neft-gaz unitar korxonasi, Sho’rtan gaz unitar korxonasi, muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho’rtan gaz kimyo majmuasi, qarshi, Koson yog’ekstraktsiya, Shahrisabz konserva zavodlari, Shahrisabz pillakashlik, qarshi tikuvchilik fabrikalari, Qashqadaryo marmar aktsiyadorlik jamiyati va boshqalar 49 qo’shma korxona faoliyat ko’rsatadi, shulardan: O’zbekiston — Turkiya «Kashteks» to’qimachilik, «Oqsaroy to’qimachilik LTD» qo’shma korxonalari ishlamoqda. Viloyat hududidagi dastlabki sanoat korxonasi — Shahrisabz paxta tozalash zavodi 1916 yilda qurilgan. Undan keyingi davrda viloyatda, asosan, paxta tozalash zavodlari, tikuvchilik fabrikalari qurildi. 1971 yilda muborak gazni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi. Mustaqillik yillarida Shaxrisabz, Yakkabog’un kombinatlari, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi, 2001 yil oxirida Sho’rtan gaz kimyo majmuasi qurilib ishga tushirildi. Qashqadaryo viloyatida gaz (propan), jun, paxta tolasi, momiq, polietilen, tomat pastasi, turli xil plitalar ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari: g’allachilik, paxtachilik, kartoshkachilik, polizchilik, sabzavotchilik, chorvachilik. Bog’dorchilik, tokchilik, ipakchilik ham salmoqli o’rin tutadi. Chorvachiligi go’sht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan. Qoramolchilik, qo’ychilik, parrandachilik rivojlangan. Muborak, Mirishkor, Nishon, G’uzor tumanlarida qorako’lchilikka ixtisoslashgan yirik naslchilik xo’jaliklari mavjud. Asalarichilikka ham katta e’tibor berilgan. Qashqadaryo viloyatida 667,6 ming gektar ekin maydoni mavjud bo’lib, shundan 418,7 ming gektari sug’oriladi. 173,8 ming gektar yerga paxta, 205 ming gektar yerga don, 3,2 ming gektar yerga sabzavot, 2 ming gektar yerga poliz, 0,5 ming gektar yerga kartoshka, 38,1 ming gektar yerga ozuqa ekinlari ekiladi. 32,8 ming gektar yer ko’p yillik daraxtzorlar, shundan 13,2 ming gektar yer mevazor, 9,2 ming gektar yer tutzor, 10,4 ming gektar yer tokzorlar bilan band, 1451 ming gektar yerni yaylovlar egallagan. Erning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 13815 kilometr uzunlikda kollektordrenaj tarmoqlari qurilgan. Viloyatda sug’oriladigan dehqonchilikni rivojlantirish maqsadida sug’orish kanallari (qarshi, sandal va boshqalar) va suv omborlari (Tallimarjon, Chimqo’rg’on, Hisorak, Qizilsuv va boshqalar) barpo etilgan. Sug’orishni tashkil etish uchun 6 ta yirik nasos stansiyasi qurilgan. Qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirishni ko’paytirish maqsadida qarshi cho’lida 250 ming gektar yer o’zlashtirilgan. Viloyatda 68 shirkat, 17,6 ming dehqon, 17,2 ming fermer xo’jaliklari faoliyat ko’rsatadi. Qashqadaryo viloyati shirkat, fermer va shaxsiy xo’jaliklarida 654,7 ming qoramol (shu jumladan, 276,8 ming sigir), 2,2 million qo’y va echki, 1,3 million parranda, 17,3 ming yilqi boqiladi (2005). 1996-2005 yil lar viloyatdan B.Ro’ziev, Q.Mo’minov, G’. Rahmonov, M.Saidovlar «O’zbekiston qahramoni» unvoniga sazovor bo’ldilar. Transporti. Viloyatdagi temir yo’l uzunligi 401 kilometr. Asosiy temir yo’l magistrallari Kogon — Qarshi — Dushanba, Qarshi — Kitob, Qarshi— Samarqand. Yangi qurilayotgan Toshg’uzor — Boysun— Qumqo’rg’on (umumiy uzunligi 223 kilometr) temir yo’lning 106,2 kilometr qismi Qashqadaryo viloyati hududidan o’tadi. 2004 yil oktyabrgacha ushbu yo’lning 112 kilometrdan ziyod Toshg’uzor — Dehqonobod va Qumqo’rg’on — Boysun qismlari foydalanishga topshirildi. Viloyatda jami 13,9 ming kilometr uzunlikda avtomobil yo’llari mavjud. Shundan umumiy foydalanilayotgan yo’llar uzunligi 3,4 ming kilometr, xo’jaliklar hisobidagi yo’llar uzunligi 10,5 ming kilometr. Qashqadaryo viloyati hududidan respublika ahamiyatiga ega bo’lgan Qarshi — Amudaryo (Turkmaniston), katta O’zbekiston trakti (Toshkent — Termiz), Qarshi — Buxoro, Qarshi — Samarqand avtomobil yo’llari o’tadi. Qarshidan Toshkent, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Denov va boshqalar shaharlarga avtobuslar qatnaydi. Qarshi aeroportidan Qarshi — Moskva, Qarshi — Toshkent, Qarshi — Andijon va boshqalar yo’nalishlarda yo’lovchilar tashuvchi samolyotlar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Madaniy maorif, sog’liqni saqlash va sport. Qashqadaryo vohasi o’zining madaniy tarixi bilan mashhur. 1990-yillargacha Qashqadaryo hududida Paleolit (tosh asri) davrida odamzodning yashaganligi haqida ashyoviy dalillar kam edi. Faqatgina Tanxozdaryo vodiysidan topilgan chaqmoqtoshdan yasalgan ayrim buyumlar, Taxtaqoracha dovonida Takalisoy bo’yidagi g’ordan arxeolog D.N.Lev tomonidan muste davriga oid bir nechta tosh buyum topilganligi Qashqadaryo vodiysida tosh davri odamlari yashaganligidan dalolat berar edi. 1990-yillarda arxeologlardan R. X. Sulaymonov, A.S. Sa’dullayevlar yuqori Qashqadaryodagi Oyoqchisoy, Quruqsoy vodiylarini o’rganib paleolit davriga oid ashyoviy dalillarni topdilar. Siylontoshda tosh asrining so’nggi davriga oid topilmalar aniqlandi. Vohada miloddan avvalgi 10-8-asrlar, jez va temir asrlarga oid Sangirtepa, Yerqo’rg’on yodgorliklari topiddi. Miloddan avvalgi 7-6-asrlarda Qashqadaryo vodiysida dehqonchilik bilan shug’ullanuvchi ko’plab aholi istiqomat qilgan. Kesh, Naxshab shahrilari paydo bo’lib rivojlangan. qadimiy Baqtriya davlati tarkibiga Qashqadaryo vohasining bir qismi ham kirgan. Miloddan avvalgi 329 yilda Aleksandr Makedoniyalik qo’shinlari Navtaka (Qashqadaryo) viloyatini bosib olgan. Qashqadaryo bosqinchilarga qarshi ko’tarilgan Spitamen qo’zg’olonining markazlaridan biri bo’lgan. Miloddan avvalgi 3-2-asrlarda Qashqadaryo vohasi Salavkiylar, undan keyin Yunon Baqgriya davlati tarkibiga kirdi. 468 yilda Kushonlar avlodidan bo’lgan ko’chmanchi chorvador toxarlar Kidar rahbarligida sharqdan Amudaryo havzasiga kirib kelib Naxshabni o’zlariga vaqtincha qarorgoh qilib turdilar. Qashqadaryoda 7-8-asrlarda iqtisodiy hayot rivojlangan. Bir necha yillar davomida Sug’d Kesh podsholari tomonidan idora qilingan. Kesh podshosi Shasheppi (Shishpar) davrida zarb qilingan tanga pulda «ixshid Shishpar» degan yozuv bo’lgan. Arablar qo’shini 700 yilda ilk bor Qashqadaryoga bostirib kelib, Naxshab va Kesh shahrilarini va ular atrofidagi qishloqlarni qo’lga kiritdilar. Qutayba ibn Muslim 710 yilda Kesh va Naxshabni qayta fath etdi. Ammo, Qarshi, Kesh va Naxshab (Nasaf)da yana arablarga qarshi norozilik harakatlari boshlanadi. Kesh asosiy markazlaridan bo’lgan Muqanna qo’zg’oloni butun Movarounnahrga tarqaldi. 9— 10-asrlarda Qashqadaryoda iqtisodiy-ijtimoiy hayot, fan va madaniyat yana rivojlandi. Kesh «Qubbat ulilm val adab» nomiga sazovor bo’ldi. Mo’g’ul bosqinchilari 1220 yil yozida Qashqadaryoga bostirib kelib Naxshab, Kesh, G’uzor shahrilari va qishloqlarini vayron qildilar. Mo’g’ullar o’troqlikka o’tgandan so’nggina (14-asrda) Kepakxon (1318-26) qurdirgan saroy yaqinida yangi shahar — Qarshi shahriga asos solindi. 14-15-asrlarda Temur va Ulug’bek davrlarida Shahrisabzt bir qancha monumental binolar — saroy, masjid va maqbaralar va boshqalar qurildi. Shahrisabz vohaning yetakchi shahriga aylandi. Ashtarxoniylar davrida qarshi, Shahrisabzda Buxoro xonligidan mustaqil bo’lish harakati kuchaydi. Mang’itiylar davrida qarshi taxt vorisi hokim bo’ladigan viloyatga aylandi. Qashqadaryo viloyati qo’xna tarixi, qadimiy madaniyat yodgorliklari bilan mashhur. Viloyatdan buyuk olimlar, adib va shoirlar, mashhur san’atkorlar, baxshilar, xalq artistlari, rassomlar etishib chiqqan. Qashqadaryo viloyatida 2004/05 o’quv yilida 1094 umumiy ta’lim maktabi, shu jumladan 34 ixtisoslashgan, 4 maxsus maktab, 3 gimnaziya va boshqalarda 620 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oldi. Viloyatda 62 kasb-hunar kolleji (49 ming talaba), 4 akademik litsey (2 ming o’quvchi), 18 bolalar musiqa maktabi (1,7 ming o’quvchi), 3 Mehribonlik uyi, 2 oliy o’quv yurti (Qarshi universiteti, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti; 10,4 mingga yaqin talaba) bor. Qashqadaryo o’lkashunoslik muzeyi (Qarshi shahri), Amir Temur muzeyi (Shahrisabz shahrida), viloyat musiqali drama teatri, viloyat qo’g’irchoq teatri, «eski masjid», «muloqot» teatr studiyalari, «O’zbekraqs», «O’zbeknavo»ning viloyat bo’limlari, ashula va raqs direktsiyasi faoliyat ko’rsatadi. 464 jamoat kutubxonasi (kitob fondi 3930 ming nusxa), 148 klub muassasasi, 6 madaniyat va istirohat bog’i bor. 16 ashula va raqs xalq ansambli, 2 folklor etnografik xalq ansambli, 373 badiy havaskorlik jamoa va boshqalar madaniy muassasalar ishlab turibdi. Qashqadaryo viloyatida O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arboblari: Rahimjon Komiljonov, Sadriddin Salimov, Isoq To’rayev; O’zbekiston xalq hofizi O’lmas Saidjonov; O’zbekiston xalq baxshilari: Shomurod baxshi Tog’ayev, Qahhor baxshi Rahimov; O’zbekiston xalq artistlari: Farog’at Rahmatova, Ikroma Boltayeva, Zamira Suyunova, Maryam Sattorova, Nasiba Sattorova, Husan Amirqulov, Muhtarama Nosirova; O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar: Tojiddin Murodov, Oygul Xalilova, Bahriddin Rahmonov, Zebo Tursunovalar voyaga yetganlar. Qashqadaryo vohasi o’tmishda 300 ga yaqin Nasafiylar va o’nlab Keshiylarga Vatan bo’lgan yurtdir. Viloyatda 1996 yilda Amir Temurning 660 yilligi, 2003 yilda Shahrisabz shahrining 2700 yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi. Qashqadaryo viloyatida Respublika «O’zbekturizm» milliy kompaniyasiga qarashli bo’limlar, bir necha mehmonxona mavjud. 2004 yilda viloyat hududiga 31 mingdan ziyod turist kelib ketdi. Sog’liqni saqlash. Viloyatda 94 kasalxona (12,1 ming o’rin), 395 vrachlik ambulatoriya-poliklinika muassasasi, ambulatoriya va boshqalar tibbiy muassasalar, 221 bolalar poliklinikasi va xonalari, 199 qishloq va shahar vrachlik punkti, 368 feldsherakusherlik punkti, 27 qishloq uchastka kasalxonasi, 90 qishloq vrachlik ambulatoriyasi mavjud. Ushbu tibbiy muassasalarda 53,6 mingga yaqin vrach (har 10 ming kishiga 21,9 vrach), 23,6 mingga yaqin o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Davlat dasturiga asosan, viloyatda Davlat tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi bo’limi (220 o’rin) va barcha tuman Markaziy kasalxonalari qoshida uning bo’linmalari (410 o’rin) tashkil etilgan hamda zaruriy tibbiy va texnik jihozlar bilan ta’minlangan. Tibbiyot sohasida xususiy, yakka tartibda va boshqalar nodavlat sektorlarida 131 tibbiy muassasa faoliyat ko’rsatadi. Qashqadaryo viloyatida 3 sanatoriy ishlab turibdi. Sport. Qashqadaryo viloyati sportchilari sportning ko’p turlari (kurash, dzyudo, karate, futbol, boks, shaxmat, tennis va boshqalar) bo’yicha turli darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqdalar. Farhod Xo’janov, Zokir Sharipov, Shavkat Jo’rayev, Erkin Xoliqovlar dzyudo bo’yicha; Bahrom Avezov kurash bo’yicha (Buxarestda va Antaliyada jahon chempioni); akauka Isom va Furqat Kenjaevlar yunonrum kurashi bo’yicha jahon chempionati bronza medali; Alisher Muxtorov dzyudo bo’yicha, Sofiya Kaspulatova karate bo’yicha (3 marta) Osiyo chempioni unvonlariga sazovor bo’ldilar. Shaxmatchilardan Anvar Rajabov Yalta, Frantsiya, Ispaniya, Sarvinoz Ergasheva (6 marta respublika chempioni) Frantsiyadagi jahon chempionatlarida qatnashdilar. Viloyatning «Nasaf», «Mash’al», «Sho’rtan» jamoalari futbol bo’yicha O’zbekistonning oliy ligasida ishtirok etmoqda. Xotin-qizlarning «Sevinch» futbol jamoasi 2004 yilda o’tkazilgan respublika birinchi chempionatining g’olibi bo’ldi. Viloyatda 21 stadion, tennis kortlari, sport zallari, 8 suzish havzasi va boshqalar sport inshootlari mavjud. 26 bolalar va o’smirlar sport maktabi faoliyat ko’rsatadi. 689 ming kishi (shu jumladan, qishloq joylarida 614 ming kishi) doimiy ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanadi. Adabiyoti. Qashqadaryo vohasida qadimiy dan mashhur allomalar, shoir va faylasuflar, yozuvchi va muhaddislar, mohir xattot va tarjimonlar yashab o’tgan. 9-asr boshlarida Nasaf va Keshda hadisshunoslik va fiqhshunoslik maktablari vujudga kelgan. 10-asrda Ahmad ibn Muhammad atTadyoniy, Hammod ibn Shokir anNasafiy, Abdulmu’min ibn Xalaf anNasafiy, alLays ibn Nasr alKojariy, 11-asrda Abdulaziz ibn Muhammad anNaxshabiy, Muhammad ibn Ahmad alalHasan ibn Ali alHammodiy anNaxshabiy kabi olimlar Islom olamida Shuhrat topganlar. Keyingi davrlarda ham bu ilmiy an’analar muvaffaqiyat bilan davom ettirilgan. Aziziddin Nasafiy asarlari dunyo xalqlarining ko’p tillariga tarjima qilingan. «Nasafiy» taxallusli bir necha o’nlab ijodkorlarning nomlari ma’lum. Bulardan: Moturidiya kalom maktabining atoqli namoyandalaridan biri Abul Mu’in anNasafiydir. Uning «Bahr alkalom Fi ilm alkalom («Kalom ilmi bo’yicha so’zlar dengizi») asari kalom ilmi bo’yicha almoturidiya maktabining asosiy manbalaridan biri hisoblangan. Hadisshunos va hanafiy mazhabining taniqli fiqhshunosi Abul Hasan al- Bazdaviy anNasafiyning musulmon qonunchiligi asoslari haqidagi «usuli Bazdaviy» kitobi Sharqda keng tarqalgan, unga ko’plab sharhlar bitilgan. Shu sababli «Faqihu Movarounnahr» va «Ustoz alaimma» («imomlarning ustozi») unvonlariga sazovor bo’lgan. Fiqhshunos Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy 100 dan ortiq asar yozgan. Shuningdek, Abul barakot gnnasafiy, Abu almuti’ Nasafiy, Hakim So’zaniy, Abu Turob Naxshabiy, Saido Nasafiy, Nurmuhammad Nasafiy, Shamsiddin So’zaniy, Muayiddin Nasafiy, Shahobiddin Ahmad Nasafiy, Sharafiddin Xusom, Abul Barakot anNasafiy, Hofiziddin Nasafiy, Xoja Abulbaraka (Firoqiy), Ayub Shahrisabziy, Mavlono Soyiliy, Mavlono Mir Qarshiy va boshqalar bir qancha Nasafiylar yashab, ijod etganlar. Nasaf va Kesh allomalari Arab (9— 10-asrlar), fors (9-11-asrlar) tillarida ijod qilganlar. 15-asrdan turkiy tilda asarlar yoza boshlaganlar. Temuriy shahzodalar ijod ahlini o’z ona tillarida yozishga da’vat etganlar, o’zlari ham turkiy tilda asarlar bitganlar. Alisher Navoiyning «Muhokamat ullug’atayn» asari ana shu ijtimoiy talab zaminida yaratilgan. Ammo, amalda Arab va fors tillari ham qo’llanavergan. Amir Temur va temuriy shahzodalar saltanati davrida Qashqadaryoda ilm- fan, madaniyat va san’at rivojlangan. Ushbu vohadan chiqqan ko’pgina yozuvchi va ulamolar turli yillarda poytaxt bo’lgan Buxoro va Samarqandda, ayrimlari esa Hindiston, Arab davlatlarida yashab ijod etganlar. Mo’g’ullar istilosi davrida ziyolilarning kattagina qismi Hindistondan boshpana topgan. Abu Sa’d Abdulkarim assam’oniyning (1113-67) «kitob alansob» («Nisbalar kitobi») asarida 8-12-asrlarda yashab o’tgan 180 yaqin nasaflik olim va shoirning nomlari qayd etilgan. Nasaf tarixi va adabiyoti bilan bog’liq bir qancha asarlar, xususan, Abul Horis Asad ibn Hamduvayh alvarsiniy Annasafiyning (928 yil vafot etgan) «Kitob mufoxarot Ahl Nasaf va kash» («Nasaf va Kesh ahlining iftixorlari haqidagi kitob»), Abu Sa’d Abdurahmon ibn Muhammad alastrobodiy alidrisiyning (mil. 1015 yil vafot etgan) «Tarixi Nasaf», Abul Abbos almustag’firiy Nasafiyning (961 — 1041, 2 jildli) mufassal «Nasaf va Kesh tarixi» asarlari bizgacha etib kelmagan. 20-asrning 2-yarmi Qashqadaryo adabiy muhitining ko’tarilishi va yangi ijodkorlar bilan boyish davri bo’ldi: Gulshaniy, Tog’ay shoir, Shomurod baxshi, Suvon Soqi, Samar nur, Azim (baxshi) Xo’jaev, qodir (baxshi) Rahimov, Abdulla Oripov, Ikrom Otamurodov, Jumaniyoz Jabborov, Normurod Narzullayev, Ismoil To’xtamishev, Xosiyat Lutfullayeva, Muhammad Ochil, Jumaqul Qurbon, Normurod Norqobil, Poyon Ravshanov, Ubaydulla Uvatov, Yusuf Berdiev kabi shoir, yozuvchi va olimlarning ilmiy va badiiy asarlari adabiyot taraqqiyotiga munosib hissa bo’lib qo’shildi. 90-yillar boshlarida Nazar Eshonqul, Chori Avaz, Amir Xudoyberdi, Zebo Mirzayeva, Habib Abdunazar, Luqmon Bo’rixon, Salim Ashur, Amirqul Karim, G’ulom Mirzo va boshqalar shoir va yozuvchilar faol ijod qildilar. Mustaqillik yillarida Qashqadaryo vohasida adabiy hayot yanada rivojlandi. Bu davrda erishilgan yutuqlar sifatida Poyon Ravshanovning qadimiy Naxshab va Keshning tarixiga oid 4 jiddli saylanmasi, Abdulla Oripovning «Adolat ko’zgusi», «ko’ztumor», Normurod Narzullayevning «Alyor», Ikrom Otamurodning «Tavr», Amir Xudoyberdining «Yettinchi malak», Habib Abdunazarning «anjir guli» kabi asarlarini ko’rsatib o’tish lozim. Qashqadaryo viloyatida O’zbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, me’morlar, jurnalistlar va boshqalar) ning viloyat sho’balari faoliyat ko’rsatadi. Matbuoti, radioeshittirishi va televideniesi. Qashqadaryo viloyatida 33 gazeta, shu jumladan, 2 viloyat gazeta (1935 yildan «Qashqadaryo haqiqati», 2005 yildan «Qashqadaryo», adadi 5 ming; 1943 yildan «Kashkadarinskaya Pravda», 2005 yildan «Novosti Kashkadari», adadi 1,5 ming), shahar («Nasaf»), 13 tuman gazetalari, 16 tarmoq, 1 xususiy gazeta, shuningdek, «nasaf ziyosi» jurnali (qarshi davlat universiteti muassisligida) nashr etiladi. Viloyatda birinchi radioeshittirishlar 1945 yil dekabrdan boshlangan. Viloyat radiosi va «Oltin voha» G’M radiostantsiyasi eshittirishlar olib boradi. Viloyat radiosi kuniga 1 soatlik, «Oltin voha» G’M radiostantsiyasi haftada 112 soatlik hajmda eshittirishlar beradi. Qashqadaryo viloyatida 2 davlat (viloyat va Shahrisabz shahar televideniesi), 3 nodavlat (qarshi jamoatchilik, muborak «Yangi asr», Qashqadaryo kabelli) televidenielari mavjud. 1994 yil 24 avgustdan faoliyat ko’rsatayotgan Qashqadaryo viloyati televideniesining haftalik ko’rsatuvlari 11 soatni tashkil etadi. Shuningdek, qarshi jamoatchilik televideniesining 1 haftalik ko’rsatuvlari 42 soat, «yangi asr» telestudiyasining 1 haftalik ko’rsatuvlari 21 soat, Shahrisabz televideniesining 1 haftalik ko’rsatuvlari 24 soat, Qashqadaryo kabelli televideniesining 1 haftalik ko’rsatuvlari 63 soatni tashkil etadi. Me’moriy yodgorliklari. Viloyatdagi tarixiy yodgorliklardan 602 tasi arxeologiya, 192 tasi me’moriy va shaharsozlik yodgorliklaridir, shuningdek, monumental san’at yodgorliklari ham bor. Viloyatdagi mashhur obidalar Shahrisabz shahrida joylashgan. Mirzo Ulug’bekning 600 yilligi, Amir Temurning 660 yilligi, Shahrisabz shahrining 2700 yilligi munosabati bilan Shahrisabzda obidalarni ta’mirlash ishlari keng ko’lamda olib borildi. Oqsaroy me’moriy majmuasi konservasiya qilindi, Markaziy maydonda Amir Temurga haykal o’rnatildi. Dor uttilovat, dor ussiyodat majmuasidagi Jahongir (Hazrati Imom) maqbarasi (1379-80 yillar), Oqsaroy majmuasi (1380-1404 yillar), Ulug’bek madrasasi (Gumbazi Sayidon, 1437 yil), Kitob tumanidagi Xoja Ilimkon xonaqosi (15— 16 asrlar), Lanxar qishlog’idagi Langarota (Katta Langar) masjidi (15-asr oxiri — 16-asrlar), Langarota maqbarasi (16-asrning 1-yarmi), Fudino qishlog’idagi Xusamota ansambli (11 — 19-asrlar), Qarshi shahrida Mahalla masjidi (19-asr) va boshqalar saqlangan. Qarshi shahrining 2700 yilligi munosabati bilan Qarshi shahridagi Ko’kgumbaz masjidi, tarixiy ko’prik va boshqalar madrasa va masjid binolari ta’mirlanmoqda. Ad.: Suxareva O.A., K istorii gorodov Buxarskogo xanstva (istoriko-etnografimeskiy ocherk), T., 1958; Zaxarov S.M., Sabirjanov A.S., Karshi, T., 1978; Boburnoma, T., 1989; Nafasov T, O’zbekiston toponimlarining izohli lug’ati, T., 1998; Yangiboev M., Qashqadaryo viloyati geografiyasi, qarshi, 1993; Ravshapov P., Qashqadaryo tarixi, T., 1995; Jo’raqulov O., Ergasheva J., Qashqadaryo sanoati tarixi, qarshi, 1996; qadimgi qarshi, O’rta Osiyo shaharsozligi va madaniyati tarixi, Drevpiy karshi, Istoriya kulturt i I radostroitelstva Sredney Azii, kar- shi, 1999; P ugachen Kova G.A., Ochiq osmon ostidagi muzey, T., 1981; Suleymanova R . X. , Drevniy Naxshab, T., 2000; Hakimov N., Jo’raqulov O., Shahrisabz tarixi, Qarshi, 2001; Nosir Muhammad, Nasaf va Kesh allomalari, T.,2001; Shahrisabz ming yillar merosi, T., 2002. Obod Jo’raqulov, Nosir Muhammadiev.