ARISTOTEL
ARISTOTEL (Aristoteles), Arastu (miloddan avvalgi 384/383, Stagira — 322/321, Evbeya oroli, Xalqida) — Yunonistonning buyuk faylasufi. Miloddan avvalgi 367 yilda Afinaga borib, Platon akademiyasida tahsil ko’rdi, 20 yil uning ishlarida ishtirok etdi. Miloddan avvalgi 343 yildan e’tiboran Makedoniya podshohi Filipp taklifi bilan Shahzoda Aleksandrta murabbiylik qildi. Miloddan avvalgi 335 yilda Afinaga qaytib, o’zining Likey maktabini tashkil qildi. Aleksandr vafotidan so’ng 323 yilda xudosizlikda ayblanib, Evbeya Xalqidasiga qochishga majbur bo’ldi va umrining oxirigacha shu yerda yashadi. Aristotel qomusiy bilimlar sohibi, peripatetika maktabi asoschisi, uning ta’limoti ayrim, alohida fanlarni falsafiy nuqtai nazardan yoritib berdi. Fan sohalarini tasniflashda falsafiy tizim yaratish bilan Aristotel insoniyat tafakkurini rivojlantirishga juda kuchli ta’sir ko’rsatdi. Aristotel ijodi o’z zamonidagi deyarli barcha bilim sohalarini qamrab oldi. O’zining «Ilk falsafa» ga oid («Metafizika») asarida Platonning g’oyalar nazariyasini tanqid qildi. «Platon g’oyalari» moddiy predmetlarning oddiy nusxasi, aynan o’zi ekanini ko’rsatdi. Aristotel ayrimlik va umumiylikning o’zaro munosabati masalasini hal etdi. Ayrimlik «biron-bir joy»dagina va «hozir»dagina mavjuddir, uni his bilan idrok etish mumkin. Umumiylik esa har qanday joyda va har vaqtda («Hamma yerda» va «Hamma vaqt») mavjud, u muayyan sharoitda ayrim holda yuzaga kelib, shu ayrimlik orqali idrok qilinadi. Shuningdek umumiylik — fan predmeti, uni aql vositasida bilib olish mumkin. Aristotel olamdagi hodisalar va predmetlarning sabablarini to’rt guruhga bo’ladi: 1) moddiy sabab yoki materiya; 2) shakliy sabab yoki shakl; 3) yuzaga keltiruvchi sabab; 4) oxirgi sabab yoki maqsad. Garchi Aristotel materiyani dastlabki sabablardan biri, deb e’tirof etsa ham, uni faqat passiv asos, imkoniyat xolos, qolgan uch sababni esa — faol sabab, deb hisoblaydi. Masalan, uning fikricha, shaklsiz hech qanday narsaning bo’lishi aslo mumkin emas, shakl — borliq mohiyatidir, shakl — abadiy, o’zgarmas va moddiy sababdan ustunrokdir. Yuzaga keltiruvchi sabab harakat yoxud turg’unlik manbaidir. Harakat, deydi Aristotel, biron-bir narsaning imkoniyatdan voqelikka o’tishidir. Harakatning to’rt turi bor, bular: sifatli harakat yoki o’zgarish; miqdoriy harakat yoki ko’payish va kamayish; joyni o’zgartirish yoki makondagi harakat; vujudga kelish va yo’q bo’lishdan iborat. Oxirgi sabab yoki maqsad — harakat, o’zgarish, inson faoliyatining oqibatidir. Aristotel ta’limotiga binoan, Xudo — o’z qonunlari bo’yicha rivojlanayotgan barcha shakllar, tabiatdagi jamiki hodisalar va hamma mavjud narsalarning oliy maqsadi, «shakllarning shakli», maqsadi, olamni harakatga keltiruvchi ilk kuchdir. Aristotel nazariyasiga ko’ra, har qanday real mavjud bo’lgan ayrim narsa «materiya» bilan «shakl»ning birligidan iborat, «shakl» esa narsaning o’ziga xos «ko’rinishi»dir, unga ham «materiya», ham «shakl» deb qarash mumkin. Shu tariqa butun voqe olam «materiya»dan — «shakl» ga va «shakl»dan — «materiya»ga izchil ravishda o’tish jarayonidan iborat. Aristotel bilish haqidagi ta’limotida «dialektik» bilish bilan «apodiktik» bilishni bir-biridan farqlaydi. «Dialektik» bilish — tajriba samarasi bo’lmish «fikr»ni, «apodiktik» bilish esa ishonchli bilimni vujudga keltiradi. Ammo Aristotel tajribani ishonchli bilimning oliy darajasi, deb hisoblamaydi, uning fikricha, bilimning eng oliy qonunqoidalari bevosita aql vositasidagina idrok etiladi. Aristotel mantiq ilmining asoschisidir. Aristotel yaratgan va «analitika» deb nomlagan mazkur fan tafakkurning tushuncha, muhokama, xulosa kabi asosiy shakllaridan, ayniyat, qarama-qarshilik va uchinchisi istisno qonunlaridan, fikrni isbotlash yoxud rad etish uslublaridan, bir qancha kategoriyalardan iborat. Mantiq «ilk falsafa» («metafizika») bilan birgalikda fan sohalarining falsafiy tasnif tizimini tashkil etadi. Biologiya sohasidagi Aristotel ilmiy xizmatlaridan biri — o’simlik va hayvonot turlarining biologik jihatdan maqsadga muvofiqligi haqidagi ta’limotidir. O’simliklarning urug’dan o’sib rivojlanishi, hayvonlardagi instinktlarning maqsadga muvofiq tarzda yuzaga kelishi, a’zolarining o’zaro mutanosib ravishda harakat qilishi — tabiatdagi maqsadga muvofiqlik namunasidir. Aristotel jahon ilm tarixida ilk bor axloq fani — etikaga asos soldi. Uning axloq sohasidagi ma’naviy ideali Xudodir, Xudo eng oliy faylasuf va mutafakkirdir. Aristotel aql-zakovatning kuzatish, mushohada qilishdan iborat faoliyatini barcha ne’matlardan ustun qo’yadi, uni ezgulik, rohat va lazzat manbai, deb biladi. Amaliy faoliyat esa hamisha ham aql hukmiga bo’ysunavermaydi, binobarin kundalik ishlarda ham aql, ham hayotiy tajribani ishga solib o’rta yo’lni tanlagan ma’qul. Aristotelning siyosiy qarashlari «inson — ijtimoiy mahlukdir» degan g’oyaga asoslanadi, ya’ni oila, jamiyat, davlat — inson hayoti va faoliyatining asosiy sohalaridir, bularsiz u yashay olmaydi. Aristotel oilaviy va ijtimoiy tarbiyani davlat tuzumini mustahkamlash vositasi, deb biladi, binobarin maktab faqat davlatniki bo’lishi, unda barcha fuqarolar (qullardan tashqari) avvalo davlat tuzuk tartibotidan saboq beruvchi ilmlarni egallashi shart. Aristotel davlat masalasida har qanday arbob qulay siyosiy shart-sharoit vujudga kelishini kutib o’tirmay, mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, yaxshi Konstitutsiya asosida kishilarni boshqara bilishi, birinchi galda yosh avlodning jismoniy va aqliy tarbiyasi haqida qayg’urishi lozim, deb hisoblaydi. Aristotel davlatni idora etishning uchta ma’qul va uchta noma’qul shakli mavjud, degan g’oyani olg’a suradi. Yaxshi boshqaruv shakllari amal qilgan davlatda undan g’arazli maqsadlarda foydalanish imkoni istisno etiladi, hokimiyat esa butun jamiyat xizmatida bo’ladiki, bular — monarxiya (yakka podsho hukmronligi), aristokratiya (aslzodalar hukmronligi) va «Politiya» (o’rta tabaqa, mo»tadil demokratiya hukmronligi)dir. Aksincha, tiraniya (zolimona hukmronlik), sof oligarxiya (qudratli kishilar to’dasining hukmronligi) va oxlokratiya (haddan oshgan olomon hukmronligi) — monarxiya, aristokratiya va «Politiya» shakllarining vaqt o’tishi bilan batamom aynigan, yuz tuban ketgan ko’rinishidir. Aristotelning tarbiya nazariyasi zamirida axloqiy va ruhiy qarashlari yotadi: tarbiyadan maqsad — ruhning oliy jihatlari bo’lmish aql-zakovat va irodani kamol toptirishdir. Tarbiyaning o’zaro chambarchas bog’liq uch jihati — jismoniy, axloqiy va aqliy tarbiya — ruhning uch turiga muvofiq keladi, ya’ni kamolatga erishishning harakatlantiruvchi kuchlari — tabiiy qobiliyat, ko’nikma va aqlidrokdan iborat hamda tarbiya ishi ayni shu kuchlarga asoslanishi zarur. Aristotel o’z iqtisodiy ta’limotida qullik — tabiiy bir hodisa va u doimo ishlab chiqarish negizi bo’lishi lozim, degan nuqtai nazarga suyanadi. U tovar-pul munosabatlarini tadqiq etib, natural xo’jalik bilan tovar ishlab chiqarish o’rtasidagi tafovutlarni anglab yetish darajasiga yaqin keldi. Uningcha, boylik ikki turdan iborat: iste’mol qiymatlari yig’indisi sifatidagi boylik va tovar ayirboshlash qiymatlari sifatidagi boylik. 1-tur boylik (uni Aristotel «tabiiy boylik» deb ataydi) manbai — dehqonchilik va hunarmandchilik bo’lib, kishilarning tub ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladi. 2-tur boylik esa (uni Aristotel «g’ayritabiiy boylik» deb nomlagan) aksincha, bevosita ehtiyoj buyumlaridan iborat bo’lmay, o’zaro ayirboshlash, muomala negizida vujudga keladi. Boylik 1-turining miqdori inson ehtiyojlari bilan chegaralansa, 2-turining miqdorini esa aslo cheklab-chegaralab bo’lmaydi. Shuningdek Aristotel iste’mol qiymati bilan tovar qiymati o’rtasidagi chegarani birinchi bo’lib belgilab berdi, turli xil tovarlarii faqat pul vositasida o’zaro qiyoslash mumkin, deb hisobladi. Aristoteldan juda boy falsafiy meros qolgan. Ular orasida eng mashhurlari: «Politiya», «G’oyalar haqida», «Farovonlik haqida», «Birinchi analitika», «Ikkinchi analitika», «Kategoriyalar», «Fizika», «Metafizika», «Jon haqida», «Nikomax axloqi», «Evdem axloqi», «Axloqi Kabir», «Siyosat», «Ekonomika», «Etika», «Poetika», «Ritorika» va boshqalar. Aristotel barcha zamonlar olimlari ustoz deb bilgan buyuk alloma. Uning qomusiy asarlari, Sharq mutafakkirlari ijodida ham chuqur iz qoldirgan. 7 — 8-asrlardan boshlab ayniqsa Horun ar-Rashid va Ma’mun davrida Arab xalifaligi hududida Aristotel asarlari tarjima etilib o’rganildi, ularga o’nlab izoh va sharhlar bitildi. Bu ishda O’rta Osiyoning ulug’ olimlari katta rol o’ynadi. Abu Nasr Forobiy Aristotelning «Metafizika», «Jon haqida», «Etika», «Kategoriyalar», «Topika», «Analitika» va boshqa asarlariga ilmiy sharxlar yozib, «Sharq Arastusi» degan unvonga sazovor bo’ldi. Abu Ali ibn Sino o’z ustozlarining ilg’or g’oyalarini yanada rivojlantirib, Aristotel va Forobiydan keyin «Uchinchi muallim» deb ataldi. Ibn Sino bilan Beruniy o’rtasida Aristotelning «Osmon haqida» va «Fizika» asarlari to’g’risidagi munozarasi Vatanimizda Aristotel merosiga kiziqish benazir bo’lganidan dalolat beradi. Arab faylasufi Ibn Rushd o’z salaflari Hunayn ibn Ishoq, Ishoq ibn Hunayn, Matto ibn Yunus va Yahyo ibn Adiy, al-Kindiy kabi Aristotel ijodini targ’ib etib, asarlariga sharhlar yozib, «Buyuk Shorih» degan nom oldi. O’rta asr sharqida Aristotel ta’limotini davom ettirib, uni Yevropaga tanitib, yetuk ilmiy asarlar yaratgan faylasuflar butun dunyoda «Sharq aristotelchilari» unvoni bilan mashhurdir. As: Soch. v 4 TT., M., 1975 — 83; Poetika [rus tilidan mahkam Mahmudov tarjimasi], T., 1980. Muzaffar Xayrullayev.