Shohizinda

Shohizinda — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (11-20-asrlar); Afrosiyob tepaligi Janubda joylashgan qabristondagi maqbaralardan hamda masjid, minora va madrasadan iborat ansambl. Ularning eng qadimiysi Qusam ibn Abbos maqbarasi bo’lib, xalq orasida Shohizinda (tirik shoh) nomi bilan mashhur. Ansambl bir-biri bilan yo’lak orqali bog’langan 3 guruh binolardan iborat. Quyi guruhdagi inshootlar Ulug’bek o’g’li nomidan qurdirgan Abdulaziz chortog’i (1434-35), unga shimoldan Davlat qushbegi madrasasi (1812-13) tutash, uning qarshisidagi ayvonli masjid naqshlar bilan nafis bezatilgan. 40 bosqichli tik zinapoya o’rtalig’ining chap tomonida ziyoratxona va go’rxonadan iborat qo’shgumbazli maqbara (15-asr) joylashgan. O’rta guruhdagi binolar: Amirzoda maqbarasi, Tug’lu tekin maqbarasi, Shirinbeka og’o maqbarasi, uning qarshisida Temurning boshqa singlisi Turkan og’o maqbarasi, 8 qirrali maqbara, Ali nasafiy maqbarasi kabilar. Yuqori guruhdagi binolar: ziyoratxona, uch qismdan iborat masjid, Xoja Ahmad maqbarasi, 1360-61 yillarda qurilgan maqbara, tuman og’o majmuasi (1405-06), 2 ta Nomsiz maqbara (14- asr oxiri)ning kiraverish devorigina saqlangan. Shuningdek, Tamg’och Bug’roxon madrasasi (11-asr), Amir Burunduq maqbarasi (14-asr oxiri) kabilardir. Ansambl tarkibidagi 20 dan ortiq inshootlar davlat muhofazasiga olingan. 19-20-asrlarda ansamblning yana bir necha binolari barpo etilgan. 18-asrda vayron bo’lgan zina o’rnida 40 pog’onali g’ishtin yangi zina qurilgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 16 iyul qaroriga asosan Shohizinda yodgorlik majmuasida katta ko’lamdagi ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.