Taxometr

Taxometr (Yunoncha tachos — tezlik va … metr)— mashina va mexanizm vallarining aylanish chastotasini (burchak tezligini) o’lchaydigan asbob. O’lchash usuliga qarab, aylanishlar sonini ma’lum vaqt oralig’ida o’lchaydigan, burchak tezlikni biror fizik kattalikka aylantiradigan va valning aylanish tezligini ma’lum tebranish chastotalariga taqqoslab o’lchaydigan turlarga bo’linadi. Taxometrning markazdan qochma, induktsion, elektr, elektron va boshqa xillari bor. Markazdan qochma Taxometrda val aylanganda burchak tezlikka mutanosib ravishda qo’zg’aluvchi massalar siljiydi. Siljish qiymati richagli tizim orqali ko’rsatkichga uzatiladi. Induktsion Taxometrda aylanuvchi doimiy magnit o’lchash tizimining metall stakani (diski) da tokni induktsiyalaydi. Doimiy magnit bilan induktsiyalangan tok magnit maydonlarining o’zaro ta’sirida stakan prujina kuchini yengib, magnitning minutdagi aylanishlar soniga mutanosib burchakka buriladi. Taxometrning ko’rsatishi shkaladan hisoblanadi. Elektr Taxometr o’zgarmas yoki o’zgaruvchan tok generatori (yakori sinaladigan valda aylanadi) va ikkilamchi asboblar — chastota birliklarida graduslarga bo’lingan voltmetr yoki chastotometrdan iborat. Elektron Taxometrning ishi uzgich kontaktlari ochilganda ishga tushirish tizimining birlamchi zanjirida paydo bo’ladigan tok impulslarini magnitoelektrik ko’rsatkichli asbob tokiga aylantirishga asoslangan. Birlamchi zanjiridagi impulslar chastotasi dvigatel valining aylanishiga mutanosib bo’ladi. Taxometr avtomobil, aviasiya spidometrlari va texnikaning boshqa sohalarida qo’llanadi.