Taxurar

Taxurar — faqat xotin-qizlar ishtirokida o’tkaziladigan to’y marosimidagi odatlardan biri. Taxurar o’g’il (sunnat) va nikoh to’yiga atab qilingan yangi ko’rpa-to’shaklarni taxmondagi sandiq ustiga yig’ish — taxt urishga bag’ishlangan: 1) Toshkent va Farg’ona vodiysida faqat xatna (sunnat) to’yi marosimida o’tkazilgan. Bolani xatna kilishdan bir kun oldin bezatilgan xonaning taxmoni ustiga 8 ta yangi tikilgan ko’rpa, bitta ko’rpacha va 2 ta yostiq taxlanib namoyish qilingan. 2-kuni to’y o’tib bo’lgach, bolani sunnat qilish vaqtida taxt urilgan taxmondan to’shak, ko’rpa olinib bolani sunnat qilish uchun joy hozirlangan; 2) Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarining ayrim tumanlarida nikoh to’yidan keyin 3 kun o’tgach, kelin va kuyovga qilingan yangi ko’rpato’shaklar bezatilgan xonaning to’riga sandiq ustiga taxlab qo’yilgan. So’ng Taxurar marosimi utkazilgan. Marosimga faqat ayollar chaqirilgan. Ularga taomlar va shirinliklar tortilgan, mehmondorchilik tugagach, go’shanga (chimildiq) yig’ib olingan. Shu bilan Taxurar tugagan.