TAYGA

TAYGA — mo’tadil mintaqaning igna bargli daraxtlardan iborat o’rmonlari. Yevrosiyo, Shimoliy Amerikada katta maydonlarni egallagan. Taygada daraxt turlari ko’p emas, o’rmon manzarasi deyarli bir xil. To’shama o’simliklari kam. Yer yuzasi yashil yo’sinlar bilan qoplangan. Tuprog’i kulrang. Tayga daraxt turlariga qarab, yorug’ Tayga o’rmonlari va qorong’i Tayga o’rmonlariga bo’linadi. Yorug’ Tayga o’rmonlarida qarag’ay, tilog’och, qorong’i Taygada qora qarag’ay, oq qarag’ay, kedr o’sadi. Qishi qattiq sovuq, yozda temperatura 10-20° atrofida bo’ladi, yog’in miqdori 300-600 millimetr, botqoqliklar bor. Tayga boshqa ma’nolarda ham qo’llaniladi: Sharqiy Sibirda bepoyon kimsasiz qalin o’rmonlar, Oltoyda o’rmon bilan qoplangan tog’lar, Tuvada yalang’och tog’, Mongoliyada hayvonlar ko’p bo’lgan qalin o’rmonlar tushuniladi.