Ta’tillar

Ta’tillar (O’zbekiston Respublikasida) — xodimlarga ish joyi (lavozimi) va ish haqi saqlangan holda har yili dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun beriladigan vaqt. O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida yillik mehnat ta’tilining muddati kamida 15 ish kunidan iborat etib belgilangan. Ayrim toifadagi xodimlarga ularning yoshi, sog’lig’ini hisobga olib, yillik uzaytirilgan Ta’tillar beriladi. Chunonchi, 18 yoshga to’lmagan shaxslarga, ishlayotgan 1 va 2-guruh nogironlariga Ta’tillar 30 kalendar kun, o’qituvchilarga 48 ish kuni, ilmiy tadqiqot muassasalari kichik va katta ilmiy xodimlariga 24-48 ish kuni, sudyalarga 36 ish kuni qilib belgilangan. Ayrim toifadagi xodimlar mehnat vazifalarining o’ziga xos jihatlari va xususiyatlari hamda boshqa holatlarni e’tiborga olib, ularning ham Ta’tillari muddati uzaytirilgan. Amaldagi qonunchilikda uzaytirilgan Ta’tillarning umumiy va eng kam muddati belgilangan. Bundan tashqari mehnat shartnomasining shartlarida ham uzaytirilgan yillik Ta’tillar berish nazarda tutilishi mumkin. Mehnat krnunchiligida ayrim toifa xodimlar uchun qo’shimcha Ta’tillar berish nazarda tutilgan va tegishli qonun hujjatlarida kafolatlangan. Qo’shimcha Ta’tillar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sog’liqni saklash vazirligi tomonidan tasdiklangan mehnat sharoitlarini baxrlash uslubiyati asosida belgilanadi. Ishning alohida tusda ekani, shuningdek, o’ta zararli va o’ta og’ir mehnat sharoiti uchun qo’shimcha ta’tilning eng kam muddati, uni berish shartlari va tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan normativ hujjatlarni tasdiqlash to’g’risida» 1997 yil 11 martdagi 133-sonli qaroriga muvofiq belgilangan. Ta’til davriga bayram kunlari to’g’ri kelib qolsa, ta’til muddatini hisoblashda bu kunlar hisobga olinmaydi. Yillik asosiy ta’tilni olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqarish tartibi mehnat kodeksining 142-moddasida ko’rsatilgan. Qoidaga ko’ra, yillik asosiy ta’til 1-ish yili uchun 6 oy ishlagandan keyin beriladi. Ta’til berish vaqti haqida xodim ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor kilinishi kerak. Ayrim toifa xodimlarga ta’til ularning xohishiga ko’ra, yozgi yoki ular uchun qulay bo’lgan boshqa vaqtda berilishi mumkin (Mehnat kodeksi, 250-modda). Qonunda ko’rsatilgan hollarda xodim ta’tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga ko’chirish huquqiga ega. Qonunchilikda xodimning xohishiga ko’ra, uning yozma arizasiga asosan ta’tilni qismlarga bo’lishga yo’l qo’yiladi. Bunda ta’tilning foydalaniladigan bir qismi 12 ish kunidan kam bo’lmasligi lozim. Ayrim toifa xodimlarga ish haqi saklanmagan holda mehnat ta’tili berish nazarda tutilgan. Ta’tildan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yo’l qo’yiladi. Yillik Ta’tillar davri uchun xodimga o’rtacha ish haqidan kam bo’lmagan miqdorda haq to’lash kafolatlanadi. Ta’til haqi jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda, lekin ta’til boshlanmasdan oldingi oxirgi ish kunidan kechiktirmay to’lanadi. O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida ijtimoiy Ta’tillar ham berish nazarda tutilgan. Jumladan, xodim quyidagi ijtimoiy Ta’tillar olish huquqidan foydalanadi: homiladorlik va tug’ish Ta’tillari (233-modda); bolalarni parvarishlash Ta’tillari (232, 234, 235-moddalar); o’qish bilan bog’liqt. (252-256-moddalar); ijodiy Ta’tillar (258-modda). Bunday Ta’tillarni berish tartibi va mikdori O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-sonli karorida ko’rsatilgan. Anvar Inoyatov.