Turin

Turin — Italiyaning shimoliy qismidagi shahar, Po daryosi bo’yida. Pemont viloyati vaturin provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 857,4 ming kishi (2000). Transport yo’llarining yirik tuguni. Mamlakatning muhim sanoat va madaniy markazi. Sanoatida «Fiat» kontserni yetakchi o’rinda. Mamlakatda ishlab chiqariladigan avtomobillarning 90%, traktorlar, samolyot, aviamotor, temir yo’l va elektrotexnika jihozlari ishlab chiqariladi. Shuningdek, qishloq xo’jaligi. mashinalari, aniq mexanika va optika, radioelektronika, harbiy sanoatlar rivojlangan. Qora va rangli metallurgiya, kimyo, rezina, farmatsevtika, poligrafiya, to’qimachilik, tikuvchilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari ishlab turibdi. Universitet (15-asr), san’at, arxeologiya va boshqa muzeylar, kartinalar galereyasi, Xalqaro avtomobil va texnika salonlari bor. Turin —Italiyada modali kiyimlar tikish markazi. Shaharga miloddan avvalgi 29-28 yillarda rimliklarning harbiy istehkomi sifatida qishloq o’rnida asos solingan. 1720— 1860 yillarda Sardiniya qirolligi, 1860-65 yillarda Italiya qirolligi poytaxti. Turinda antik davr, o’rta asrlarga oid va Uyg’onish davri me’moriy yodgorliklari saqlangan.