Taxmis

Taxmis (Arabcha — beshtalik qilish, beshtaga etkazish) — muxammasning bir turi. Taxmis bandlari ham muxammas singari 5 misradan iborat; ular bir shoirgagina tegishli bo’lmay, balki 2 shoirning misralaridan tashkil topadi: dastlabki 3 misra Taxmis yozayotgan shoir qalamiga, keyingi 2 misra esa Taxmis yozilayotgan shoir g’azaliga mansub bo’ladi. Taxmisda har ikkala shoirning bir bandni tashkil etayotgan misralari mazmun va shakl jihatidan o’zaro mos bo’lishi talab etiladi. Taxmisni, odatda, falonchi shoirning g’azaliga muxammas, deb ta’kidlab yozganlar (faqat bir shoirning misralaridan iborat bo’lgan muxammaslarga ba’zan «ta’bi xud» — o’ziniki, o’zining ta’bi, deb qushib yozganlar). Taxmislar shoirga yoqqan g’azallarga yozilishi sababli birgina g’azalga bir necha Taxmis qilinishi mumkin. O’zbek mumtoz she’riyatida Munis, Ogahiy, Muqimiy, Furqatlarning Navoiy, Fuzuliy singari shoirlarning mashhur g’azallariga yozgan Taxmislari ma’lum. Taxmis yozish shoirdan katta mahorat talab etadi, chunki Taxmis yaratuvchi shoirlar o’zidan avval yashab ijod kilgan shoirlarning etuk g’azallarini rivojlantirganlar, an’analarini davom ettirganlar. Taxmisning so’nggi bandida shoirlarning taxalluslari eslatib o’tiladi. Taxmis nafaqat o’zbek mumtoz adabiyotida uchraydi, balki u hozirgi o’zbek adabiyotida ham yaratilgan (Habibiy, Sobir Abdulla, Erkin Vohidov va boshqalar).