Taxin pashshalar

Taxin pashshalar (Tachinidae) ikki qanotli, qisqa mo’ylovli tekinxo’r pashshalar oilasiga mansub etnomofag hasharotlar. 5000 ga yaqin turi ma’lum. Tanasining uzunligi 3-20 millimetr, uzun va qattiqtuklar bilan qoplangan (ikkinchi «tipratikan pashsha» nomi ham shundan). Lichinkasi oyoqsiz, chuvalchangeimon, oqish. G’umbagi yopiq, soxta pillada joylashgan. Taxin pashshalarning hamma turlari hasharotlarning (asosan ichki, ba’zan tashqi) paraziti. Lichinkasi turli tunlam qurtlarida, qo’ng’izlari lichinkasi voyaga yetgan hasharotlarda va qandalalar tanasida parazitlik qiladi. Hayvon — xo’jayin tanasida yoki tuproqda g’umbakka aylanadi. Voyaga yetganlari o’simlik gul shirasi va bargidagi shira bilan oziqlanadi. Havo ochiq kunlari aktiv. Ba’zi turlari Kolorado va yapon qo’ng’izlariga, ipak qurti hamda boshqa zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida iqlimlashtirilgan. Ulardan Gonia cilipeda turi ayniqsa tajovuzkor. Taxin pashshalarning shu turi g’o’za va kuzgi tunlam qurtlarini 5-20%gacha yo’qotadi.