Taftish

Taftish — 1) bo’lib o’tgan ish, hodisa va boshqalar yuzasidan yoki haqiqiy ahvolni aniqlash maqsadida o’tkaziladigan tekshiruv; 2) korxona, kompaniya, tashkilot, muassasalar moliyaxo’jalik faoliyatini, mansabdor shaxslarning xizmat faoliyatini, hujjatlar, byudjet muassasalarida byudjetdan ajratilgan mablag’larning maqsadli sarflanishi; buxgalteriya yozuvlarining to’g’ri yuritilishini tekshirish; nazorat qilish omillaridan biri. Taftishning umumiy tartibi va vazifalari hukumat qarorlari va tegishli nazorat idoralarining qo’llanmalarida, kompaniya, firma ustavlarida belgilab ko’yiladi. Qonunlar, nizomlar, yo’riqnomalarga rioya qilinishi, hujjatlarning to’g’riligi va ularda haqiqiy ahvol ob’yektiv aks ettirilgani, qoidabuzarliklar, soliklarning to’g’ri to’langanligi, hujjatlar bo’yicha qayd etilgan tovar-moddiy boyliklarning mavjudligi Taftish qilinadi. Rejalashtirilgan ishlarning bajarilishini tekshirish; xo’jalik operatsiyalarining qonunga muvofiqligi, moliya va smeta intizomiga rioya qilinishini tekshirish; davlat yoki xo’jalik mulkining himoya qilinishini nazorat qilish, buxgalteriya hisobining to’g’riligi va buxgalteriya yozuvlarining sifatli rasmiylashtirilishini tekshirish muhim ahamiyatga ega. Vakolatli davlat organlari, maxsus audit firmalari, aktsiyadorlik jamiyatlarining taftish komissiya (qo’mita)lari tomonidan o’tkaziladi. Taftishning tezkor (muntazam, davriy o’tkaziladigan), yalpi (kompleks, har tomonlama), rejali va boshqa turlari bor. O’zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrda qabul qilingan. «Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to’g’risida» qonunida Taftish o’tkazishning tartibi va huquqiy asoslari belgilab berilgan. Toshpo’lat Mirzayev.