Tayanch burg’ilash

Tayanch burg’ilash – yer po’stining geologik tuzilishini chuqur burg’i quduqlari (o’rtacha 2,5—3,0 kilometr va undan chuqur) qazish bilan o’rganish usuli. Quduq kesimini geofizik, geokimyoviy, gidrogeologik va boshqa metodlar majmuasi orqali mufassal o’rganilishi bilan burg’ilashning boshqa turlaridan farq qiladi. Tayanch burg’ilash, asosan, hududlarning umumiy geologik sharoitini o’rganish ,neft-gazliligini bashoratlash va baholash uchun ishlatiladi. Regional geofizik tadqiqotlar (seysmorazvedka, aeromagnitrazvedka, gravirazvedka va boshqalar) ma’lumotlariga tayanib, strukturalar mavjudligi tahmin qilingan joylarda amalga oshiriladi. Burg’ilash ishlari, odatda, kristallik poydevorigacha, ular chuqur joylashgan joylarda esa, burg’ilash qurilmasining texnik imkoniyatidan kelib chiqib bajariladi. Burg’ilash, asosan, Kern olish yo’li bilan amalga oshiriladi. Tayanch burg’ilashda bajarilgan tadqiqotlar yordamida qatlamlarning geologik va litologik tuzilishi, ularning yoshi, kollektorlik xususiyatlari, kesimda neft, gaz va boshqa foydali qazilmalarning mavjudligi aniqlanadi. Tayanch burg’ilash ma’lumotlariga asoslanib, kelgusidagi bajariladigan regional va lokal geologik qidiruv ishlari loyihalanadi. Xorijda tog’ jinslari stratigrafiyasi va neftgazliligini o’rganish maqsadida Tayanch burg’ilashdan foydalaniladi, ba’zan ular stratigrafik quduklar deb ham ataladi. Hozirgi vaqtda O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekiston hududlarida o’rta masshtabli (1:200000) geologik s’yomkalar o’tkazilganligi munosabati bilan Tayanch burg’ilashdan kam foydalaniladi.