Taqir tuproqlar

Taqir tuproqlar – cho’l zonasi daryolarining qadimgi deltalari va vodiylari, allyuvial terrasalar, shuningdek, prolyuvial yotqiziqli qiyaliklar tuprog’i; tuproqning mayda yoriklar bilan qoplangan, 1,52 santimetr qalinlikdagi pushti yoki och kulrang qavati. O’zbekistonda Amudaryo bilan Qashqadaryo deltalari, Zarafshon va Surxondaryo vodiylarida uchraydi. Taqir tuproqlar O’zbekiston tuproqshunoslari (Gorbunov B.V., Kimberg N.V.) tomonidan 4-tatipchaga ajratilgan (1962): taqir— o’tloqi tuproqdar, taqirsimon tuproqlar, taqirlar, taqirsimon qoldiq — botqoq tuproqlar. Yuzasining poligonal yoriqli qobiq (qatqaloq) bilan qoplanganligi Taqir tuproqlarning xarakterli belgisidir. Sug’oriladigan Taqir tuproqlardagi mavjud agroirrigatsion qavat sug’orib dehqonchilik qilish davriga, yerga solingan mahalliy o’g’it va chiqindilarga, shuningdek, oqar suvning loyqalik darajasiga qarab, 30-40 santimetr, 1 yoki 2 metr qalinlikda bo’ladi. Agroirrigatsion qavat rangi, mexanik tarkibi, qovushqoqligi va kimyoviy xossalari bir xil bo’lgan yaxlit gorizont hosil qiladi. Bunday tuproqlar Buxoro viloyatida, qarshi va Sherobod cho’llarida uchraydi. Qarshi cho’lidagi Taqir tuproqlar haydalma (0-30 santimetr) qavatning har gektarida 22— 40 tonna chirindi, 2-3 tonna azot, 4-7 tonna fosfor bor. Taqir tuproqlar har xil darajada sho’rlangan.