Taxti Sangin
Taxti Sangin — Tojikistonning Qubodiyon tumanidagi qadimgi shahar xarobasi (miloddan avvalgi 3-asr — milodiy 3-asr). Amudaryoning o’ng qirg’og’ida, Vaxsh va Panj daryolari qo’shilgan yerda, tor vodiyda joylashgan. Bu vodiy g’arbdan Taxtiqubod tog’i, sharqdan Vaxsh daryosi bilan chegaralangan, 2 qator tosh devor (oraliq masofa — 2 kilometr) bilan muhofazalangan. Devor oralig’ida turli inshootlar qurilgan. Markazda qal’ahisor (275— 165 metr), atrofi tosh devor bilan o’ralgan. Devor qalinligi 2 metr, balandligi 8 metr, minoralari bo’lgan, atrofiga xandaq qazilgan. Oke daryosi ma’budiga atalgan yirik ibodatxona majmuasi (51×51 metr) ochilgan. U 4 ustunli zal (mehmonxona) dan (12×12 metr) iborat bo’lib, atrofi 2 qatorli yo’lak bilan o’ralgan. Ibodatxona devorining qalinligi 3 metr, yirik xom g’ishtdan (50^50×14 santimetr) qurilgan. Taxti Sangindan ellin madaniyatiga mansub ko’plab haykaltaroshlik namunalari, fil suyagidan yasalgan buyumlar, xanjar—akinaklar, qimmatbaho g’iloflar, yuzlab Yunonbaqtriya, Kushon, parfyan va hind tangalari, 3000 ga yaqin temir va 50 jez paykon topilgan.