To’rtlamchi sistema

To’rtlamchi sistema (davr), antropogen — yer geologik tarixining so’nggi davri; kaynozoyning neogen ustidagi so’nggi (tugallanmagan) sistemasi. Quyi chegarasi munozarali. Yoshi 1,6 million yil (1993 yil geoxronologiya shkalasi bo’yicha). «To’rtlamchi sistema» terminini 1825 yil frantsuz olimi J. Denuaye taklif etgan. Bu davrni o’rganish va bo’limlarga ajratishda, asosan, biostratigrafik ma’lumotlar, paleontologik, litologik, geomorfologik va boshqa metodlarga asoslanilgan. 1932 yil Yevropa To’rtlamchi sistemani o’rganish assotsiatsiyasi bu davrni 4 bo’limga ajratishni taklif etgan: qadimgi (eopleystosen), o’rta (mezopleystosen), yangi (neopleystosen) va hozirgi (golosen). To’rtlamchi sistema iqlimi umuman sovuq bo’lgan. Bu davrda hoz. mo’tadil iqlimli mintaqalardagi materiklarning ko’p qismi muzlik bilan qoplangan (shunga ko’ra, To’rtlamchi sistema muzlik davri deb ham ataladi). Asosan, Yevrosiyo va shimoliy Amerikani muz bosgan. Muzliklar qurukliklar yuzasining 30% ga yaqin qismini yoki 45 million km2 maydonni egallagan. Ayrim joylardagi muz qatlamining qalinligi 2 kilometrga yetgan. Keskin sovuqiqlim bir necha marta issiq iqlim bn almashinib turgan. Muzliklar erigan davrlarda quruqliklarning ayrim qismlarini suv bosgan. Dunyo okeani suv hajmining o’zgarib turishi dengiz transgressiyasi va regressiyasiga sabab bo’lgan. Yirik regressiyalar vaqtida dengizlar quruqliklarga aylangan. To’rtlamchi sistemada turli tektonik harakatlar bo’lib turgan. Muzlik bilan qoplanmagan oblastlarning iqlimi quruqlasha borgan. Iqlimning o’zgarib turishi o’simliklar va hayvonot dunyosiga ta’sir ko’rsatgan. Iqlim mo’tadillashgan davrlarda Yevropada dub va dubgrab daraxtlari o’sgan. To’rtlamchi sistemada muzliklar bilan qoplangan oblastlarda muz yotqiziqlari keng tarqalgan. Muzlamagan oblastlar (Sharqiy Yevropa, O’rta Osiyo, Xitoy, AQSh va boshqa hududlar)da dengiz va ko’l yotqiziqlari bilan birga, lyoss va lyossimon qumoq tuproq qatlamlari uchraydi. To’rtlamchi sistema faunasining hozirgi davrdan asosiy farqi turli hayvonlarning o’zgacha geografik tarqalganligida. Bundan tashqari, o’sha davr hayvonlarining ko’pi qirilib bitgan. To’rtlamchi sistemada sut emizuvchilar o’zgargan; mamont, uzun junli kardikon va boshqa qutb hayvonlari paydo bo’lgan. Sibir uzun junli karkidoni, bizon, bahaybat bug’u, yirik g’or ayiqlari yashagan. Dengiz faunasi va o’simliklari kam o’zgargan. To’rtlamchi sistemadagi eng muhim voqealardan biri ibtidoiy odamning paydo bo’lishidir (A. P. Pavlovning taklifiga ko’ra, To’rtlamchi sistema antropogen sistemasi deb qam yuritiladi). 1932 yilda To’rtlamchi sistemani o’rganish yuzasidan xalqaro assosiasiya tashkil qilindi. O’zbekistonda Farg’ona tog’lararo va Toshkent tog’oldi botiqliklarida quyi pleystosenda So’x, o’rta pleystosenda — Toshkent, yuqori pleystosenda — Mirzacho’l, golosenda — Sirdaryo; Qashqadaryo tog’oldi botig’ida o’sha davrlarga mos holda — Azkamar, Qarnob, Sukayti, Amudaryo; Surxondaryo va Afg’oniston — Tojikiston tog’lararo botiqlarida — Ko’lob, ilyak, dushanba va Amudaryo majmua yotqiziqlari ajratiladi. To’rtlamchi sistema yotqiziqlari turli inshootlar qurish uchun zamin va muhit hisoblanadi. Ular tabiiy qurilish materiallari (valunlar, shag’al, qum, gil, lyoss va boshqalar) sifatidaishlatiladi. Bu davr yotqiziqlaridan torf bn sapropel yoqilg’i va o’g’it hisoblanadi. To’rtlamchi sistema yotqiziqlaridan sof tug’ma metallar (oltin, platina), turli ruda minerallari (kassiterit, volframit, sheelit, monasit va boshqalar), qimmatbaho toshlar (olmos, sapfir, yoqut, zumrad) topilgan. Yotqiziqlarda ko’l temir rudalari to’plami, tuz qatlami ko’p. To’rtlamchi sistema yotqiziqlarini o’rganish amaliy ahamiyatga ega.