«Hurriyat»
«Hurriyat» — 1917 yil 16 apreldan Samarqand jadidlari tomonidan nashr qilina boshlagan gazeta. Gazeta adabiy, iqtisodiy-siyosiy yo’nalishda bo’lib, haftada 2 marta chiqib turgan. «Hurriyat»ga Akobir Shomansurov, Mardonqul Shomuhammedov, Abdurauf Fitrat, Hoji Muin Shukrullo muharrirlik qilishgan. Samarqand jadidlari tomonidan tashkil etilgan «Zarafshon» shirkati kutubxonasining asosiy sarmoyasi shu gazetaga sarf qilingan. «Hurriyat» 1917— 18-yillarda Turkiston o’lkasidagi, jumladan Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlardagi siyosiy jarayonlarni yoritishda asosiy manbalardan biri hisoblangan. «Hurriyat»da Mahmudxo’ja Behbudiy («Buxoro voqealari», «Ittifoq kerak» va boshqalar), Abdurauf Fitrat («yurt qayg’usi», «Musulmonlar g’aflatda qolmang» va boshqalar), Hoji Muin («Sho’roi Islomiya va saylov», «yordam kerak»), Saidrizo Alizoda, Saidahmad Siddiqiy, Xo’qanboy Abduholiq o’g’li va boshqa ziyolilar o’z maqolalari bilan muntazam qatnashib turganlar. Gazeta milliy ishlar komissarligi tomonidan 1918 yil aprelda to’xtatilib, uning o’rniga «mehnatkashlar o’qi» nomli bolsheviklar mafkurasiga mos yangi gazeta nashr qilina boshlagan. Sinfiy kurash va bolsheviklar g’oyalarini targ’ib etadigan bu gazeta keyinchalik (1918-21) «Mehnatkashlar tovushi», «kambag’allar tovushi» nomlarida chop etilgan.