Habibiy

Habibiy (taxallusi; asl nomi Abdulxoliq Oxunzoda o’g’li) (1910, Qandahor shahri — 1984, Kobul) — afg’on adabiyotshunosi. Afg’on-pushtu tili va adabiyotining yirik tadqiqotchisi. Kobul universitetida professor. Habibiy pushtu tili va adabiyotining qadimgi davrlaridan to 20-asr oxirlarigacha bo’lgan taraqqiyot bosqichlari, qadimgi afg’on yozma yodgorliklari. umuman pushtunlarning madaniyati, folklori, tarixiy taraqqiyoti, mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti, undagi badiiy-uslubiy yo’nalishlar, shuningdek, Afg’onistonning tarixiga oid pushtu, dari, urdu va Arab tillarida yozilgan kitob. risola va muammoli masalalarga bag’ishlangan maqolalar, darslik va o’quv qo’llanmalari muallifi. 40-yillarda afg’onshunoslikda ilk bor 2 j.li pushtu adabiyoti tarixining 1-jildini yozgan va uni nashrga tayyorlagan. Keyinchalik Habibiy 3 jildli «Afg’oniston adabiyoti tarixi», 2 jildli «Afg’oniston tarixi» (dari tilida) kitobini yaratgan. Pushtunlarning qadimgi adabiy-tarixiy yozma yodgorligi — «yashirin xazina» kitobini topib, ilmiy sharh va tadqiqiy materiallar bilan dari tilida nashr qildirgan. Habibiyning tarixiy va vatanparvarlik mavzuidagi she’r, hikoya, qissa va dramatik asarlari ham bor («Fidokorlik», «To’rpekey» va boshqalar).