Horis ibn Surayj

Horis ibn Surayj (? – 746.21.4) — Arab sarkardasi, Movarounnahrda Umaviylarga qarshi xalq harakati rahbari. Xurosondagi xorijiylar rahnamosi. Movarounnahrni arablar tomonidan bosib olinishida faol qatnashgan. Horis ibn Surayj umaviylarni tanqid qilib, Qur’on oyatlariga rioya qilmayotganliklari va payg’ambar Sunnati bo’yicha ish tutmayotganliklari uchun ularni qoraladi. U zimmiylar bilan tuzilgan shartnomaga rioya qilishi, musulmonlardan (shu jumladan, musulmonlikni qabul qilganlardan) xiroj olmaslikni va’da qildi. Horis Movarounnahrda joylashgan musulmon garnizonlarini o’z tarafiga og’dirib, Toxaristonda (Balx viloyati) o’rnashib olgan edi. Samarqand shohi G’urak, dehqonlar va Turk xoqoni Abu Muzahhim Horis ibn Surayjni Xurosonni egallash uchun yuborganlar. 734-735 yillarda u bu yerda qo’zg’olon ko’targan, biroq Xuroson noibi Asad ibn Abdulloh tomonidan qo’zg’olon bostirilgan. Horis Samarqandga qaytib kelgan. 739 yil Xurosonning yangi Noibi Nasr ibn sayyor boshliq umaviylar qo’shini Samarqandga yurish qilgan, biroq u muvaffaqiyatsiz chiqqan. Nasr soliq tizimini o’zgartirishga qaror qilgan. U yuqori tabaqa vakillarini o’z tomoniga og’dirib olgan takdirdagina qo’zg’olonni bostirish mumkin deb hisoblagan. Buning uchun u Islomni qabul qilgan mahalliy aholini arablar bilan tenglashtirgan, ularni juz’yadan ozod qilgan. Nasr 739 yil Samarqandga yurish boshlagan. Horis ibn Surayj o’z xorijiylari bilan shu yerda joylashgan edi. Nasr shahar aholisini suvdan mahrum qilib, uni taslim qilishga urindi, Samarqand zodagon dehqonlarining bir qismini o’z tomoniga ag’darib, ularni Horis ibn Surayjga shaharni bo’shatib chiqib ketishni taklif qilishga majbur qildi. Horis ibn Surayj o’z safdoshlari bilan Shoshga ketishga majbur bo’lgan. Nasr shaharni egallab Marvga qaytmoqchi edi, lekin Iroq noibi Yusuf ibn Umar undan Horis ibn Surayjga boshpana bergan Shoshga hujum qilishni talab qilgani uchun katta qo’shin (20 ming) bilan Shoshga yurish qiladi. Turk xoqoni amakivachchasi Qursul Horis ibn Surayj va Shosh hokimi qodir ibn Badrni quvvatlab 15 ming kishilik yollanma qo’shin bilan Sirdaryo bo’yida Nasrning yo’lini to’sadi va tunda musulmonlar qarorgohiga tez-tez hujum qilib turadi. Ana shunday hujumlardan birida Qursul asir olinib, o’tda kuydiriladi. Shosh hokimi va Horis ibn Surayj Shosh qal’asiga qochadilar. Nasr avval Farg’onaga, so’ng Shoshga hujum qiladi. Horisning o’zi mansub bo’lgan Tamim qabilasi Nasr tomonida turib urush qiladi, shu tufayli Horis tamimiylarga qarshi urushdan bosh tortadi. Shosh hokimi Nasrga sulh taklif etadi. Unga ko’ra, Horis ibn Surayj Shoshni tark etadi, Foryob qishlog’iga jo’naydi. Marvdagi jangda halok bo’lgan, xochga tortilgan. Mahfuza Alimova.