Homiladorlikdan saqlanish
Homiladorlikdan saqlanish, bo’yida bo’lishdan saqlanish — istalmagan homiladorlikka yo’l qo’ymaslik chora-tadbirlari. Homiladorlikdan saqlanishning tabiiy va sun’iy usullari mav jud. Laktasion amenoreya usuli (Lau) — bu homiladorlikni oldini olishning tabiiy usuli, uni ayollar tug’ruqdan so’ng dastlabki 6 oy ichida faqat ko’krak suti bilan emizish davrida qo’llashlari mumkin. Simpotermal usul — bunda ayol o’zini hayz kunlarini nazorat qilishi va homilador bo’lib qolish ehtimoli bor, ya’ni «xavfli» kunlarida jinsiy aloqada bo’lmasligi kerak. Kontratseptiv vositalar: tabletkalar, prezervativ, bachadon ichi spirali va boshqalar. Tabletkalar tarkibida estrogen va gestagen gormonlari bo’lib, ularning miqdori juda kam va organizm uchun zararsiz (logest, Marvelon, Diane—35, Novinet, femoden), shu sababli jigarga salbiy ta’siri yo’q. Hayz davrida og’riq va qon ko’p ketishini kamaytiradi. Jinsiy a’zolarning o’tkir yallig’lanishi, qin, bachadon va tuxumdon rakining ayrim turlarini oldini oladi, lekin jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklardan saqlamaydi. Ayol o’zi istagan paytda tabletka ichishni to’xtatib, homilador bo’lishi mumkin. Prezervativ — bu yupqa rezinadan tayyorlangan juda samarali vosita bo’lib, OITS (SPID), zaxm (sifilis), so’zak (gonoreya) va boshqa jinsiy aloqa orqali yuqadigan kasalliklardan saqlaydi. BIV (bachadon ichi vositasi) — plastmassadan tayyorlangan kichkina moslama, uning atrofi ingichka mis ip bilan o’ralgan, pastki uchida 2 ta kichkina iplari bor. BIV yuqori samarador va oddiy muolaja bo’lib, uni maxsus o’rgatilgan mutaxassis-shifokor bajaradi. DMPA (depo—medroksiprogesteron atsetat yoki deporrovera) in’ektsiya yordamida yuboriladigan kontratseptiv modda; sun’iy gormondan tarkib topgan bo’lib, tabiiy gormon — progesteron xususiyatiga ega, u tuxumhu-jayraning etilishiga to’sqinlik qiladi. Har 3 oyda bir marta yuboriladigan in’ektsiya homiladorlikdan saqlanishni ta’minlaydi. Homiladorlikdan saqlanish vositalarining o’ta afzalliklari bilan bir qatorda, uchrashi mumkin bo’lgan salbiy oqibatlari ham bor. Har bir ayol organizmi o’ziga xos xususiyatga ega bo’lib, bir organizm uchun foydali narsa boshqasiga zararli bo’lishi ham mumkin. Shuning uchun Homiladorlikdan saqlanishni ahd qilgan ayol o’ziga beziyon kontratseptiv vositalardan foydalanishi va buning uchun albatta doimiy tibbiy ko’rigida bo’ladigan o’z shifokori bilan maslahatlashib olishi kerak. Hozirgi kontratsepsiya vositalari avval mavjud bo’lgan usullardan xavfsiz va yuqori samarali, ularni qo’llash tez-tez abort qildirishdan ko’ra afzalroq. Homiladorlikdan saqlanish usullarini qo’llash — homilador bo’lish qobiliyatini yo’qotmagan holda, ayol salomatligini saqlab qolishda eng maqbul yo’l hisoblanadi.