Horun ar-Rashid

Horun ar-Rashid (763 yoxud 766- 809.24.3) — abbosiylar sulolasidan bo’lgan xalifa (786 yildan). Eron zodagonlari manfaatini ifoda etuvchi barmakiylar xonadonidan chiqqan Vazirlar yordamida hokimiyatni idora qilgan, 803 yil barmakiylarni qirg’in qilgach, davlatni yakka o’zi boshqargan. Horun ar-Rashid davrida mamlakatda qishloq xo’jaligi, hunarmandchilik, savdo va madaniyat (asosan, adabiyot) ancha rivojlangan. Lekin shu bilan birga davlatning tanazzulga yuz tutganligining belgilari ham namoyon bo’la boshlagan (Daylam, Suriya va boshqa viloyatlardagi qo’zg’olonlar). Horun ar-Rashid Vizantiya bilan o’tmishdoshlari boshlagan urushni davom ettirgan. Horun ar-Rashid shaxsi haqida ko’plab rivoyatlar, badiiy asarlar yaratilgan. «Ming bir kecha» ertaklarida u olijanob, adolatli hukmdor sifatida tasvirlangan. Movarounnahrdagi Rofi ibn Lays qo’zg’oloninn bostirish uchun harbiy safarga chiqqanda vafot etgan. Ad.: Bartold V.V., Karl Velikiy i Xarun arrashid, Sochineniya, t.6, M., 1966; Men A., Musulmanskiy Renessans, M., 1972.