Oqqo’rg’on

Oqqo’rg’on — Kushonlar davriga oid qishloq xarobasi (miloddan avvalgi 1-asr — milodiy 4-asrlar). Sherobod shahridan 8 kilometr Janubi-g’arbda, Xo’jaqiya qishlog’i yaqinida joylashgan. Oqqo’rg’onning saqlanib qolgan qismi to’g’ri to’rtburchak shaklida, balandligi 3— 4 metr, maydoni 0,6 gektar. 1973-74 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya institutining Baqtriya ekspeditsiyasi (Sh. Pidayev) tomonidan arxeologik tadqiqot ishlari olib borilgan. Stratigrafik izlanishlar davomida yodgorlikning madaniy qatlamlari 6,5 metrni tashkil etishi va unda 5 ta me’moriy bosqich mavjud bo’lganligi aniqlangan. Oqqo’rg’onning eng so’nggi me’moriy bosqichi to’liq ochib o’rganilgan. Bu yerda 5 ta aloqida joylashgan uylar majmuasi borligi qayd etilgan. Uylar bir-birlari bilan katta ko’cha va hovlilar bilan ajralib turgan. Har bir uy majmuasi 10 ga yaqin xonadondan iborat bo’lib, ularda kichik oilalar istiqomat qilgan. Kichik oilaga 2-3 ta xona tegishli bo’lgan. Oqqo’rg’onda jami 70 tadan ortiq xonalar ochib o’rganilgan. Uylarning devorlari 60— 80 santimetr balandlikda saqlangan. Devorlar kvadrat shaklidagi xom g’ishtlardan va paxsadan barpo etilgan. Ko’pgina xonalarning devorlari loy suvoq ustidan oqlangan. Ayrim xonalar loy suvoq ustidan ganch bilan suvalgan. Janubiy uy majmuasidagi bir xona o’zining katta o’lchamlari, devorlari qora va qizil ranglar bilan bezatilganligi bilan ajralib turadi. Bu xona qishloq jamoasi oqsoqolining qabul xonasi bo’lgan deb taxmin qilinadi. Oqqo’rg’onda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida yuqori sifatli turli shakldagi bejirim sopol idishlar, temirdan yasalgan pichoq, o’roq, o’q-yoy nishlari, qoshiqlar, turli qimmatbaxr toshlardan yasalgan marjonlar, jez ko’zgular, shisha marjon va idishlar, tosh yerg’uchoq, tegirmontoshlar, urchuklar, fil suyagidan ishlangan soch to’g’nog’ichlari, ayol ma’budalarning terrakotadan ishlangan haykalchalari, ot, suvoriy, yo’lbars, sher, echki, qo’y, maymun, kabutar kabilarning haykalchalari topilgan. Topilmalar orasida turli tarixiy davrlarga oid tangalar alohida o’rin egallaydi. Bu yerda Geliokl tangalariga taklid qilib zarb kilingan tangalar, Kushon shohlari Vima takto, Vima Kadfiz, Kanishka, Xu-Vishka, Vasudeva, Kushon-sosoniylar va Soson-kushoniy tangalari (jami 152 ta tanga) topilgan. Qishloq xarobasida bunchalik ko’p tangalarning topilishi, kushonlar davrida tovar-pul munosabatlari juda yuqori taraqqiy qilganligidan dalolat beradi. Oqqo’rg’onda Budda haykalining topilishi buddaviylik dinining qishloq aholisi orasiga kirib borganligidan guvoxlik beradi. Oqqo’rg’on aholisi, asosan, dehqonchilik va bog’dorchilik bilan shug’ullangan. Dehqonchilik bilan bog’liq mehnat qurollari qishloqning o’zida tayyorlangan. Dehqonchilik Sherobod daryosidan kanal orqali keltirilgan suvga asoslangan. Oqqo’rg’on qishloq jamoasi yashagan yodgorlik bo’lib, Kushon saltanatining inqirozidan keyin vujudga kelgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sabablar oqibatida tashlab ketilgan. 13-asrda qishloq xarobasiga bir necha qabrlar qo’yilgan. Qabrlarning biridan oltindan ishlangan sirg’a va mo’g’ullarga xos bo’lgan paykon topilgan. Ad.: Pidayev Sh. R., Poseleniya Kushanskogo vremeni Severnoy Baktrii, T., 1978. Shokirjon Pidayev.