Oqqo’rg’on tumani

Oqqo’rg’on tumani – Toshkent viloyatidagi tuman. 1935 yil 28 iyulda tashkil qilingan. Shimol va shimoli-g’arbda Quyi Chirchiq tumani, G’arb va Janubi-g’arbda Sirdaryo viloyati, shimoli-Sharqda O’rta Chirchiq tumani, Janub va Janubi- Sharqda Bo’ka tumani, Sharqda Piskent tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,40 ming km2. Aholisi 86,8 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Oqqo’rg’on), 1 shaharcha (Alimkent), 10 qishloq fuqarolari yig’ini (Achchi, Do’stlik, Zarbdor, Zafar, Oytamg’ali, Oqqo’rg’on, Toshto’g’on, Shohruxiya, Eltamg’ali, erkinlik) bor. Tuman markazi — Oqqo’rg’on shahri. Tabiati. Tuman hududi Sirdaryo va uning irmog’i Ohangaron daryosi vodiysida joylashgan. Janubi-g’arbidan Sirdaryo, shimoli-g’arbidan Ohangaron va uning irmoqlari (Qorasuv va boshqalar) oqib o’tadi. Sirdaryo bo’ylaridagi botqoklashgan yerlar quritilib, ekinzorga aylantirilgan. Sirdaryodan sharqqa tomon yer yuzasi balandlasha boradi. Daryolar ko’hna qayir (terrasa)lar va jarliklar hosil qilgan. O’rtacha balandligi 320 metr. Shimoli-g’arbiy tomoni ochiq bo’lganidan Arktika havo massasi bemalol kirib keladi va qishda temperatura pasayib ketadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -3,7°, eng past temperatura -33°, iyulniki 26,5°, eng yuqori temperatura 42°. Yillik yog’in 256 mm. Vegetatsiya davri 200 -212 kun. Tuprog’i yer osti suvi yuza bo’lganidan kam chirindili allyuvial o’tloqi tuproq. Ohangaron sohilida (1 -2% chirindi) bo’z tuproq uchraydi. Yovvoyi o’simliklardan turang’il, terak, jiyda, tol, qamish, yantoq, oqquray, tuyakorin va boshqalar o’sadi. Sirdaryo va ohangaron qayirlarida, Xonariq bo’ylarida to’qay mushugi, quyon, tulki, chiyabo’ri, yumronqoziq, o’rdak, g’oz, qirg’ovul, suv kalamushi, sichqon, chumchuq, loyxo’rak, baqa, suvilon va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar (80,9%), shuningdek, qozoq (8,3%), rus (2,8%), tatar (1,09%), tojik (1,6%) koreys (1,4%), ukrain, nemis, qirg’iz, uyg’ur, ozarbayjon, Belorus, turkman, yahudiy va boshqa millat vakillari (3,1%) ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 217 kishi. Xo’jaligi. Tumanda o’ndan ortiq korxona mavjud. Yirik korxonalari: Alimkent va Oqqo’rg’on paxta tozalash zavodlari, «Maftuna», «Oqqo’rg’on MTP» aktsiyadorlik jamiyati. Xususiy firmalar, 46-avtokorxona ishlab turibdi. Paxta yog’i, trikotaj va tikuvchilik buyumlari, oziq-ovqat, sut mahsulotlari ishlab chiqariladi. 6 qurilish tashkiloti bor. Tuman kompleks rivojlangan qishloq xo’jaligiga ega. 13 shirkat xo’jaligi va 5 xususiylashtirilgan chorvachilik fermasi mavjud. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — Paxtachilik; g’alla, sabzavot va poliz, beda, ozuqa ekinlari ham ekiladi. Uzum va meva yetishtiriladi. Tuman xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, parranda, ipak qurti boqiladi. Oqqo’rg’on tumanida 49 umumiy ta’lim maktabi, 1 kasb-hunar kolleji, maxsus internat maktabi, Markaziy kutubxona va uning 38 ta tarmog’i (287 mingdan ziyod kitob), 15 klub, muzey, Mangulik qo’rg’oni bor. 2 stadion, tennis korti, 2 suzish havzasi, 184 sport maydonchasi faoliyat ko’rsatadi. 78 jismoniy tarbiya va sport muassasalarida 20 mingdan ziyod kishi sport va jismoniy tarbiya bilan shug’ullanadi. 2 kasalxona, 25 feldsher-akusherlik Punkti, 2 qishloq davolash ambulatoriyasi, 6 qishloq vrachlik punkti, 15 dorixona aholiga xizmat ko’rsatadi. Oqqo’rg’on tumanida avtomobil yo’llarning umumiy uzunligi 620 kilometrga teng bo’lib, ulardan mamlakat ahamiyatidagilari 62 kilometrni tashkil etadi. 1935 yil 1 sentabrdan «Oqqo’rg’on ovozi» tuman gazetasi chiqariladi.