Og’zaki drama, og’zaki dramaturgiya

Og’zaki drama, og’zaki dramaturgiya — xalq orasida yaratilgan, xalqqa namoyish etiladigan o’yin-tomoshalar tarzidagi alohida folklor janri. Jahondagi barcha xalklarning yozma dramaturgiyasi Og’zaki dramadan boshlangan. Og’zaki drama xalq an’anaviy teatri bilan chambarchas bog’langan holda shakllanib rivoj topib kelgan. Uning matni an’anaviy fabula va ba’zi barqaror dialoglar asosida ijro paytida to’qilgan. Xalq Og’zaki drama tomoshalarining syujeti, odatda, sodda bo’lib, asosiy e’tibor syujetga emas, vaziyatga, qahramonlarning holatiga qaratilgan, unda dialog va ijro paytida to’qiladigan epizodlar muhim rol o’ynagan. Ayniqsa, hajviy dialogning ishlanishiga ko’p e’tibor qilingan. Og’zaki drama tomoshabinlarni kuldiribgina qolmasdan, katta ijtimoiy va tarbiyaviy ahamiyatga ham ega bo’lgan. O’zbek xalq Og’zaki dramasi o’rta asrlarda masxarabozlar va qo’g’irchoqbozlar san’ati bilan bog’liq holda maydonga kelib, katta taraqqiyot yo’lini bosib o’tgan. U professional masxarabozlar, muqallidlar, qiziqchilar, qo’g’irchoqbozlar tomonidan badiha yo’li bilan to’qilgan. Og’zaki drama «Tanqid», «Muqallid», «kulki-hikoya», «qo’g’irchoq o’yin» deb atalgan pyesalar turkumlarini o’z ichiga oladi. Tematik jihatdan Og’zaki drama nihoyatda boy. Unda xalq turmushi, urf-odatlari, mehnati bilan bog’liq bo’lgan voqealar ham o’z aksini topadi. Og’zaki drama O’zbekistonda yozma professional dramaning yaratilishi va shakllanishida muhim rol o’ynadi. H. H. Niyoziy o’z dramaturgiyasida, jumladan, «Tuhmatchilar jazosi», «Maysaraning ishi» komediyalarida xalq ijodining boshqa turlari qatori Og’zaki drama motivlari va tasviriy vositalaridan foydalangan. Og’zaki drama an’analarini mashhur qiziqchilar Yusufjon Shakarjonov, Berdiyor Diyorov, Oxunjon Huzurjonov, Hoji tamtamlar davom ettirib, san’at rivojiga muhim hissa qo’shdilar. Yevropa mamlakatlarida ham Og’zaki drama mehnat faoliyati bilan bog’liq holda shakllangan. Uning asosini yil fasllarining almashishiga hamda dehqonchilik ishlariga bag’ishlangan o’yinlar tashkil etadi. Masalan, G’arbiy Yevropada qishni kuzatish bilan bog’liq Maslenisa bayramlarida qish va yozning kurashi ramziy obrazlar orqali namoyish etilgan. Dastlab Germaniyada rivojlangan bu mavsumiy o’yin-tomoshalar keyinchalik, 15 —16-asrlarda Italiya, Frantsiya va boshqa mamlakatlarda ham tarqalgan. Rossiyada Og’zaki drama 17 — 18-asrlarda paydo bo’lgan. Yevropa mamlakatlarida tarkalgan Og’zaki drama ham shu mamlakatlardagi milliy yozma dramaturgiya rivojiga katta ta’sir ko’rsatgan.