Og’riq qoldiruvchi dorilar

Og’riq qoldiruvchi dorilar – og’riq sezgisini yo’qotuvchi yoki kamaytiruvchi dorilar. Bularga kimyoviy tuzilishi va ta’sir mexanizmi turlicha dori moddalari kiradi. Og’riq qoldiruvchi dorilardan nerv sistemasiga ta’sir etib, og’riqni kamaytiruvchi moddalar (analgetiklar) asosiy o’rinni egallaydi. Narkotik analgetiklar va nonarkotik analgetiklar farq qilinadi. Narkotik analgetiklarga morfin, va uning sintetik o’rindoshlari (promedol, fentanil va boshqalar) kiradi. Narkotik analgetiklar turli og’riqlar, jumladan, shikastlanish, kuyish, miokard infarktida ro’y beradigan kuchli og’riklarni ham qoldiradi. Morfin Markaziy nerv sistemasiga ta’sir ko’rsatib, eshituv, qo’rquv, taktil sezgisini o’tkirlashtiradi, o’ziga xos gallyutsinasiyalar keltirib chiqaradi. Og’riq bilan kechadigan salbiy emotsiyalar (vahima, hayajonlanish, g’am-g’ussa va boshqalar)ni susaytirib, xavfsizlik, o’zini engil his qilish, bamaylixotirlik tuyg’usini paydo qiladi. Narkotik analgetiklar takror-takror qabul qilinganda odam unga o’rganib, qo’msaydigan bo’lib, narkomaniyaga sabab bo’lishi mumkin. Shuning uchun narkotik analgetiklar qat’iy hisobda turadi va ular cheklangan holda beriladi. Narkotik analgetiklarni vrach ruxsatisiz ichish taqiqlanadi. Nonarkotik analgetiklarga kimyoviy tuzil ishi turlicha bo’lgan sintetik moddalar (amidoprin, analgin, atsetilsalisilat kislota, paratsetamol va boshqalar) kiradi. Bu xil analgetiklarning narkotik analgetiklarga qaraganda og’riq qoldiruvchi ta’siri kuchsizroq bo’lib, asosan, nevralgiya tusidagi og’riqlarda, mialgiya (muskullar yallig’lanishi)da, tish va bosh og’rig’ida, artralgiyada ishlatiladi. Nonarkotik analgetiklar og’riq qoldirishi bilan bir qatorda isitma tushishiga ham yordam beradi. Ko’pchilik Nonarkotik analgetiklarning yallig’lanishga qarshi ta’siri ham bor. Vrach ruxsatisiz bu dorilarni ichmaslik kerak. Analgetiklar guruhiga mansub bo’lmagan bir kancha dori moddalar ham og’riq qoldirishi mumkin. Masalan, silliq muskullarni bo’shashtiruvchi dorilar — atropin, bangidevona preparatlari, papaverin, noshpalar va boshqa qon tomirlar spazmida ishlatiladigan tomir kengaytiruvchi dorilar shular jumlasidandir. Vrachga ko’rinib og’riq sababi va xususiyatini bilgandan so’ng Og’riq qoldiruvchi dorilar ichilsa, yaxshi naf beradi.