Olmek madaniyati
Olmek madaniyati — Meksikaning Verakrus va Tavasko Shtatlari hududida qadimda yashagan noma’lum indeys xalqi madaniyati. Olmek madaniyati miloddan avvalgi 8-4-asrlarda ravnaq topgan. Olmek madaniyati nomi bu hududda keyinchalik, milodiy 11 — 14-asrlarda yashagan kichik qabilalar guruhi (olmeklar) nomi bilan shartli atalgan. Olmek madaniyati iqtisodiyoti dehqonchilik va baliqchilikka asoslangan. Olmek madaniyatini yaratgan xalq Amerikada ilk bor sinfiy taraqqiyot yo’liga o’tgan xalklardan biri bo’lgan. Uning miloddan avvalgi 8-2-asrlardagi madaniyati va san’ati Markaziy Amerikaning qo’shni indeys xalqlari (Mayya va boshqalar) madaniyatiga katta ta’sir ko’rsatgan. Olmek haykaltaroshligining ajoyib obidalari, jumladan, ulkan inson kallalari, ko’plab haykallar Olmek madaniyati aholisining bosh ma’budi — yaguarni ifodalaydi. Turli diniy inshootlar: ehromlar, supalar va boshqa qoldiqlari saqlangan. Milodiy 3-asrda noma’lum sabablarga ko’ra olmeklar g’oyib bo’lishgan; ehtimol, bu yirik etnik ko’chishlar bilan bog’liq bo’lishi mumkin.