Olmurod svitasi

Olmurod svitasi (Turkmanistondagi Olmurod tog’i nomidan) — valanjin yarusiga mansub jinslar kompleksi. Rossiyalik tektonist olim N. P. Xeraskov ajratgan. Olmurod svitasi qizil giltosh, dolomit, mergel, ohaktosh, gips, kumtosh qatlamlaridan tarkib topgan. Qalinligi 60-160 metr. Ohaktosh va dolomitlarda pelesipoda, amonit, dengiz tipratikani va boshqa dengiz hayvonlari qoldiqlari, giltoshlarda esa ostrakoda, foraminifera va boshqalar qoldig’i uchraydi. Olmurod svitasi Darvoz tog’laridan Amudaryo etaklarigacha bo’lgan hududda tarqalgan. O’zbekiston hududining ba’zi joylaridagi Olmurod svitasida osh tuzi koni borligi aniqlangan.