Olot

Olot — Buxoro viloyati Olot tumanidagi shahar (1982 yildan). Tuman markazi. Viloyat markazi (Buxoro shahri) dan 70 kilometr. Temir yo’l stantsiyasi. Buxoro shahri bilan temir yo’l va shosse yo’li orqali bog’langan. Olot markazidan Buxoro—Turkmanobod xalqaro temir yo’l va avtomobil yo’llari o’tgan. Amu-Qorako’l kanali shaharning Janubdan o’tadi. Aholisi 11,5 ming kishi (2003). «Olot» atamasining orlot turkiy urug’ (qabila) nomidan kelib chiqqanligi taxmin qilinadi. Shaharda tuman hokimiyati binosi, «Olotteks» qo’shma korxonasi, asfalt, g’isht, konserva zavodlari, Amu-Buxoro kanali boshqarmasi, ko’chma qurilish mexanizatsiyalashgan kolonnasi, MTP, aloqa bo’limi, 7 umumiy ta’lim, musiqa maktablari, qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji, kasb-hunar maktabi, kutubxona, bolalar kutubxonasi, muzey, klub, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, markaziy kasalxona va boshqa tibbiy muassasalar hamda savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor.