Omonatlarni indeksatsiyalash
Omonatlarni indeksatsiyalash — mamlakatda narxlarning umumiy darajasi o’sishiga qarab omonatdagi pul miqdorining oshirilishi. Bu inflyatsiya tufayli pul birligi qadr-qimmatining, ya’ni xarid qobiliyatining pasayishi bilan bog’liq. Omonatlarni indeksatsiyalash orqali qadrsizlanishi natijasida omonatchi ko’rgan zarar qoplanadi. O’zbekiston Respublikasida 1993 yil 12 noyabrda «so’m-Kupon»ning va yana keyinchalik 1994 yil 1 iyuldan uning o’rniga so’mning muomalaga kiritilishi natijasida Omonatlarni indeksatsiyalash amalga oshirildi. Bank omonatlaridagi va qimmatbaho qog’ozlarga investitsiya qilingan pul mablag’lari 1000 so’m-kuponga 1 so’m qilib qayta hisoblangan. 1992-95 yillarda O’zbekistonda narxlar indeksining 3860 baravar o’sganligidan kelib chiqib, 1996 yildan boshlab aholining so’mda ifodalangan omonatlarining xarid qobiliyatini saqlab qolish maqsadida Omonatlarni indeksatsiyalash miqdori 4 ming baravar qilib belgilangan. Fuqarolarning omonatlarini to’g’ri va asosli indeksatsiyalash uchun pul mablag’larini indeksasiya qilish bo’yicha respublika, viloyat, shahar va tuman komissiyalari tuzilgan.