Omot tillari

Omot tillari – Janubiy-G’arbiy Efiopiyada tarqalgan tillar guruhi. So’zlashuvchilarning umumiy miqdori 2 million kishiga yaqin. Omot tillarining genetik mansubligi haqidagi fikrlar bir xil emas: ba’zi olimlar ularni kushit tillari tarmog’iga mansub desalar, ko’pchilik olimlar Omot tillari Afrika-Osiyo tillarining alohida guruhi deb hisoblaydilar. Omot tillarining asosiy guruhchalari: aribanna, dizimaji, Kaffa, gimirra-Janjero, ometo (volamo, ometo, chara, zayse va boshqa tillar). Omot tillari fonologik jihatdan boshqa kushit tillariga yaqin; lablangan va chuqur til orqa undoshlari mavjud emas; otlarda jins va son Grammatik kategoriyalari barham topgan, lekin kelishik kategoriyasi rivojlangan; sifat alohida so’z turkumi tarzida ajratilmaydi. Ko’plik sondagi kishilik olmoshlari; suffikslar yordamida so’z va shakl yasalishi, gapdagi so’z tartibi kushit tillaridagiga o’xshash, leksikasi bir oz farq qiladi. Omot tillari o’z yozuvlariga ega emas.