Omonat

Omonat — mijozning ma’lum bir shartlar asosida bankka qo’ygan pul mablag’lari. Omonatga pul mablag’larini kirim qilish miqdori, ularni saqlash muddati va maqsadi Omonatning turi shartlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. O’zbekiston Respublikasida amaldagi qonunchilikka ko’ra, Omonat kimning nomiga qabul qilinsa, uning nomiga Omonat daftarchasi rasmiylashtiriladi. Omonat nomiga boshqa shaxs mablag’ topshirishi mumkin, bunda mablag kimning nomidan topshirilgan bo’lsa, o’sha shaxs Omonatchi hisoblanadi. Omonatdan mablag’lar Omonatchining birinchi talabiga ko’ra, to’liq yoki qisman berilishi ta’minlanadi. Omonatchi Omonatga qo’ygan mablag’idan shaxsan o’zi yoki ishonchli vakili orqali foydalanish huquqiga ega. Omonatdagi mablag’lar bir yoki bir necha kishiga, shuningdek, davlatga, alohida tashkilot va korxonalarga vasiyat qilinishi mumkin. Omonat bo’yicha daromadlar foiz yoki yutuq ko’rinishida to’lanadi. Foiz stavkasining miqdori banklar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Banklar talab qilib olinadigan, muddatli va jamg’ariluvchi Omonat turlariga pul mablag’larini qabul qiladilar.