Omon polvon
Omon polvon [1856, Namangan viloyati Xizrobod (qizil Rabot) qishlog’i — 1923.13.6, Namangan] — Farg’ona vodiysida sovet rejimiga qarshi harakatning rahbarlaridan biri. 1918 yilgacha qizil Rabot qishlog’ida ariq oqsoqoli vazifasini bajargan. 1918 yil boshlarida Farg’ona vodiysida qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshlagan 9 harbiy qo’mondonning biri, Madaminbek va Shermuhammadbekning harbiy topshiriqlarini bajarib, 2500-3000 yigitga rahbarlik qilgan. Dadaboy (To’raqo’rg’on) va Maqsud (Uychi) uning eng yaqin qo’rboshilari sanalgan. 1922 yilda Omon polvon Norin daryosidan Chustgacha bo’lgan xududni o’z nazoratiga olgan. 1923 yil mayda qizil askarlar tomonidan qo’lga olinib, keyinchalik otib tashlangan. Ad.: Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Rajabov Q., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917-1924), T., 2002.