Oltoy tillari
Oltoy tillari — turkiy tillar, mo’g’ul tillari va tungus-manjur tillarini ularning kelib chiqishi bir degan taxmin asosida birlashtiradigan tillar makro oilasini bildiruvchi shartli termin. Ayrim olimlar ushbu makrooilaga koreys va yapon tillarini ham kiritganlar. «Oltoy» atamasi ushbu tillarning ehtimoldagi qadimgi Vataniga ishoradir. G. Ramsted, N. N. Poppe, E. D. Polivanov, V. L. Kotvich, M. Ryasyanen kabi turkiyshunoslarning asarlarida turli davrlarda turlicha nuqtai nazardan isbotlashga harakat qilingan Oltoy nazariyasining kelib chiqishiga quyidagi omillar sabab bo’lgan: sanab o’tilgan til oilalaridagi anchagina umumiy leksika; so’zning tovush tarkibidagi, fonetik va morfologik qurilishidagi o’xshashliklar (singarmonizm va agglyutinatsiya); so’z yasalishi va sintaksis sohasidagi kategoriyalarning struktura va mazmun jihatdan bir xilligi yoki o’xshashligi va boshqalar. Shuningdek, deyarli barcha Oltoy tillarida maxsus so’roq yuklamalari mavjud, old qo’shimcha (prefiks) lar qo’llanmaydi, egalik kategoriyasi taraqqiy etgan, ravishdosh va sifatdoshlarning qo’llanish doirasi keng va hokazolar. Biroq 20-asr 50-yillarida to’plangan materiallarni yoppasiga o’rganishdan shu narsa ma’lum bo’ldiki, sonlar, tana a’zolari, yil fasllari va sutka bo’laklari, osmon jismlari, ob-havo hodisalari nomlari kabi asosiy lug’aviy guruhlar sohasidagi o’xshashliklar foizi juda past ekan. Bu holat Oltoy bobotilining mavjud bo’lganligini shubha ostida qoldiradi. Oltoy tillarining qarindoshligi haqidagi faraziyani, bir tomondan, materiallar yetarli bo’lmaganligidan, isbotlangan deb hisoblab bo’lmaydi; ikkinchi tomondan, tavsiya etilgan ko’plab chog’ishtirishlarning ishonarliligi tufayli, asossiz, puch deb ham bo’lmaydi. Bu masalani chuqur o’rganish va uzil-kesil hal qilish oltoyshunoslikning dolzarb vazifalaridandir.