Oltoy o’lkasi

Oltoy o’lkasi – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi o’lka. 1937 yil 28 sentabrda tashkil etilgan. G’arbiy Sibirning Janubda, ob daryosi yuqori oqimi va uning irmoqlari — Biya va Katun havzalarida joylashgan. G’arbiy Sibir iqtisodiy rayoniga kiradi. Oltoynit deyarli hammasini, Salairning g’arbiy yon bag’irlarini va unga yondosh tekislik hamda tog’oldi hududlari — dashtli Oltoyni o’z ichiga oladi. Janubi-sharqda MXR va Xitoy bilan chegaradosh. Maydoni 169,1 ming km2. Aholisi 2672 ming kishi (1998), asosan, ruslar (89,5%), shuningdek, nemis (4,9%), ukrain (2,9%) va boshqa millat vakillari ham (2,7%) yashaydi. Shahar aholisi 52,6%. Markazi — Barnaul shahri. Boshqa yirik shaharlari: Biysk, Rubsovsk. 60 ma’muriy tuman, 12 shahar, 15 shaharchaga bo’lingan. Oltoy o’lkasi 1917 yilgacha Tomsk gubernyasi tarkibida bo’ldi, 1917 yildan Oltoy gubernyasi deb atalgan, 1925 yildan Sibir o’lkasi tarkibida (1930 yilda G’arbiy Sibir o’lkasi qilib o’zgartirildi). 1991 yil o’lka tarkibidan tog’li Oltoy Respublikasi (1992 yildan Oltoy Respublikasi) ajralib chiqdi. Tabiati. O’lka hududi ob daryosi tomonidan Sharqiy (Salair kryajining tog’etagi va yon bag’irlari) va g’arbiy (Kulundi tekisligi, ob bo’yi platosi) qismlarga bo’linadi. Janubi-Sharqda — Oltoy tog’lari tarmog’i (balandligi 2421 metrgacha). Toshko’mir, polimetall rudalar, Kulundi tekisligi ko’llarida turli tuz konlari bor. Iqlimi kontinental. Qishi sovuq, kam qorli. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -19°. Yozi qisqa, iliq, iyulning o’rtachi t-emperaturasi 19°. Yiliga 250— 350 mm yog’in tushadi. Vegetasiya davri 160-170 kun. Hududining katta qismi ob va uning irmoqlari — biya va Katun havzalariga mansub daryolaridan sug’oriladi, qolgan daryolar kulundi dashtining oqmas havzasiga mansubdir. Yirik ko’llari — Kulundi, Kuchuk. Tuproqlari asosan, qoratuproq (tekisliklarda). O’lkaning g’arbiy qismida sho’rlangan tuproqlar, tog’larda tog’podzol tuproqlar. O’lka hududining 1/3 qismi o’rmon. Tekislik qismini dasht va o’rmonli dasht egallagan. Dasht o’simliklari deyarli qolmagan, ko’p yerlar haydab yuborilgan. Tog’larning eng tepasida Alp va subalp o’tloqlari hamda tog’tundrasi mavjud. Hayvonot dunyosi. Dashtlarda kemiruvchi ko’p, qushlardan dasht to’rg’ayi va balchiqchi, tuvaloq, bizg’aldoq, dasht burguti, daryo vodiylarida suv parrandalari, tog’larda Los, Maral, tog’echkisi, tog’qo’yi yashaydi. Oltoy o’lkasining Janubiy-Sharqiy qismida Oltoy qo’riqxonasi bor. Xo’jaligi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (traktor, traktor pluglari — «Altay- traktor» aktsiyadorlik jamiyati; qishloq xo’jalik mashinalari — «Altayselmash-xolding»; bug’qozonlari; magistral yuk vagonlari — «Altayvagon» Rossiya ishlab chiqarishning 1/3 qismini beradi; «Altaydizel», «sibenergomash» va boshqalar); kimyo va neft-kimyosi (shina, sun’iy tola, kimyo mahsulotlari va boshqalar ishlab chiqarish — «Ximvolokno», «Barnaulshina», «Kauchuksulfat», kimyo reaktivlari zavodlari, «Altayximprom» ishlab chiqarish birlashmasi); oziq-ovqat (go’sht, pishloq, moy ishlab chiqarish), yengil (ip-gazlama, trikotaj ishlab chiqarish), konchilik (polimetall rudalar, oltin, simob, osh tuzi va glauber tuzi); o’rmon va yog’ochsozlikdir. O’lkadagi korxonalar uy-ro’zg’or texnikasi: «ob» va «Altay-elektron» kir yuvish mashinalari, tsentrifuga, «Altay» televizorlari, elektronasoslar, «drujba» benzopilalari, oshxona mashinalari va boshqalar hamda maishiy kimyo tovarlari, mebel, sport va turizm bilan shug’ullanish uchun mahsulotlar chiqaradi. Asosiy sanoat markazlari: (Barnaul, Biysk, Rubsovsk, Novoaltaysk, Slavyangorod, Zarinsk shaharlari). Qishloq xo’jaligida g’alla, sut, go’sht yetishtiriladi. Kungaboqar, qand lavlagi hamda zig’ir ekinlari ko’p ekiladi. Mevachilik rivojlangan, galla, kartoshka, sabzavot ekiladi. Qo’ychilik, parrandachilik, asalarichilik, mo’ynachilik taraqqiy etgan. Tog’larda ola kiyik va marallar boqiladi. Biyskdan Mongoliyaga Chuya trakti o’tgan. avtoyo’llar zichligi 83 km/ming km2 (1997). Ob daryosida kema qatnaydi. 6 oliy o’quv yurti, kutubxonalar, balneologik va iqlimiy kurortlar bor.