Quyosh soati
Quyosh soati — Quyosh bo’yicha vaqtni aniqlaydigan asbob. Quyosh soati markaziga joyning geografik kengligiga teng burchak ostida sterjen (plastina) va tsiferblat o’rnatilgan taxtachadan iborat. Quyosh soati sterjen (o’qi) olam o’qiga parallel qilib o’rnatiladi. Tsiferblat tekisligining o’rnatilishiga qarab, Quyosh soati ekvatorial, gorizontal va vertikal turlarga bo’linadi. Ekvatorial Quyosh soatida tsiferblat tekisligi osmon ekvatoriga, gorizontal Quyosh soati gorizont tekisligiga parallel qilib o’rnatiladi. Vertikal Quyosh soati esa turli imoratlarning tik devorlariga o’rnatiladi. Ekvatorial Quyosh soatida tsiferblat teng bo’laklarga, gorizontal va vertikal Quyosh soatida esa maxsus formula yordamida hisoblab topilgan, teng bo’lmagan bo’laklarga bo’linadi. Oftobli kunda ochiqjoyda Quyosh soati sterjenining soyasi tsiferblatga tushadi va haqiqiy quyosh vaqtini ko’rsatadi.