Qoraxoniylar davlati

Qoraxoniylar davlati, xoniylar yoxud Xoqoniylar davlati — Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Tyanshanning Janubiy yon bag’rida tashkil topgan davlat. Qoraxoniylar sulolasi boshqargan. Qoraxoniylar davlatining barpo etilishida qarluq, chig’il va yag’mo qabilalari yetakchi rol o’ynagan. Qoraxoniylar davlatining saltanat darajasidagi rivoji va taraqqiyoti 10-asrning 2-yarmiga to’g’ri keladi. Abdulkarim Sotuq Bug’roxon hokimiyatni egallab, o’zini «qoraxon» deb e’lon qiladi. Bug’roxondan keyingi barcha xonlar ham ushbu unvon bilan ulug’langan. Mazkur davlat chegarasida Islom dini keng yoyilgan. Qoraxoniylar o’z davlat chegarasini Somoniylar sulolasiga tegishli hududlar hisobiga kengaytirish siyosatini olib borishgan. Somoniylar hokimiyati bu vaktga kelib, chuqur siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga yuz tutib zaiflashib qolgan edi. Ana shunday vaziyatda Qoraxoniylar Somoniylar poytaxti Buxoroni deyarli qarshiliksiz ishg’ol etishadi. Biroq, Hasan Bug’roxon betobligi tufayli Buxoroda uzoq turmay, Qashqarga qaytishda yo’lda vafot etadi. 996 yil Qoraxoniylar yana Movarounnahr sari yurish boshlaydi. G’aznaviylar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida o’rtada shartnoma tuzilib, unga ko’ra, Sirdaryo hav-zasi Qoraxoniylar qo’liga o’tadi. Amudaryoning Janubdagi yerlarda va Xuroson hududida Sabukteginning hukmronligi o’rnatiladi. Somoniylar ixtiyorida esa Movarounnahrning Markaziy qismigina qoladi. Somoniylar hokimiyati tugatilgach, 10-asr oxirlariga kelib, Qoraxoniylar davlati Amudaryoning yuqori va o’rta oqimlaridan to Yettisuv, Sharqda esa Torim daryosigacha bo’lgan katta hududga egalik qiladi. Amudaryo Qoraxoniylar va G’aznaviylar davlati o’rtasida chegara bo’lib qoladi. Lekin ushbu 2 turkiy davlat o’rtasida ham Xuroson hududi uchun o’zaro urushlar bo’lib o’tadi. 1006 va 1008 yillarda Qoraxoniylar Xurosonga qo’shin tortib, Balx, Tus va Nishopur shahrini zabt etadi. Lekin Sulton Mahmud G’aznaviy qoraxoniylarga zarba berib, Xurosonni o’z qo’lida saqlab qoladi. G’aznaviylar keyinchalik dastlab o’zlari yer berib, homiylik qilgan Saljuqiylar bilan ziddiyatga kirishib, o’rtada katta harbiy to’qnashuvlar yuz beradi. 1040 yilda esa Dandanakon jangida G’aznaviylar Saljuqiylar tomonidan qaqshatqich zarbaga uchrab o’zlarini qaytib o’nglay olmaydi. G’aznaviylar davlatini bu inqirozidan, qoraxoniylarning mahalliy hukmdori Ibrohim Bo’ritegin foydalanib qoladi. U dastlab Xuttalon, Vaxsh va Chag’oniyonni g’aznaviylardan tortib oladi. Keyinchalik butun Movarounnahrni va Farg’onani o’ziga bo’ysundirib mustaqil siyosat olib boradi. Oqibatda Qoraxoniylar davlati 1041 yilga kelib 2 mustaqil davlatga: Sharqiy va g’arbiy qismga bo’linib ketadi. Sharqiy qismiga Yettisuv, Qashqar, Taroz, Isfijob, Shosh va Sharqiy Farg’ona kirgan. Poytaxti Bolasog’un, madaniy markazi Qashqar bo’lgan. G’arbiy qism Movarounnahrdan to Farg’ona vodiysining g’arbiy chegarasigacha bo’lgan yerlarni o’z ichiga oladi. Markazi Samarqand hisoblangan. Yagona Qoraxoniylar davlati bu tarzda ikkiga bo’linishi va ular o’rtasida sulolaviy kurashlarning davom etishi, yerdan foydalanishga iqto tartibotining keng yoyilishi va mahalliy hokimlarning kuchayishi Markaziy hokimiyatni zaiflashtirib qo’yadi. Natijada Qoraxoniylar davlati 1130 yil Saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjarga tobe bo’lib qoladi. 12-asrning 30-yillari oxirida Qoraxoniylar davlati sharqdan kelgan yangi istilochilar — ko’chmanchi qoraxitoylar hujumiga duchor bo’lib, parchalanib ketdi. Lekin Qoraxoniylar davlati, garchi tarqoq holda bo’lsada, 13-asr boshiga qadar mavjud bo’lgan. 1212 yilda qoraxoniylarning so’nggi vakili Usmon ibn Ibrohimning Alouddin Muhammad Xorazmshoh tomonidan qatl etilishi qoraxoniylarni sulola sifatida rasman barham topi-shiga olib keldi. Qoraxoniylar davlati vujudga kelgan dastlabki vaqtda, uning etnik asosi va aholisining tarkibini Yettisuv, Isfijob, Shosh, Sharqiy Turkistonning g’arbiy qismi, Farg’onaning shimoliy-Sharqiy hududlarida yashovchi qarluq, chigil, Xalach, To’xsi va Arg’un kabi ko’plab qabilalar tashkil etgan. Qoraxoniylar keyinchalik Movarounnahr uzra o’z hukmronligini o’rnatgach, o’lkalarda qadimdan yashab kela- yotgan o’troq va ko’chmanchi aholini, mazkur yagona davlatning umumiy chegaralarida o’zaro bir-biriga yaqinlashish va aralashib borish jarayoni tezlashdi. Ularning iqtisodiy, madaniy hayoti, bir-biri bilan aloqadorlikda rivojlana bordi. Tub yerli aholi ta’sirida yarim ko’chmanchi va yarim o’troqlikda yashab kelgan etnik guruhlar o’troqlashib dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug’ullanadilar. Bu ob’yektiv voqea-hodisalar natijasida o’zbek xalqining etnik, hududiy va madaniy jihatdan belgilarida umumiylik hosil bo’lib, bu davrda o’zbek xalqining xalq sifatida shakllanish jarayonining yakuniy bosqichi yuz berdi. Ma’muriy-boshqaruv tizimi. Qoraxoniylar davlatchilik tizimi o’zidan oldin o’tgan Turk xoqonligi, turkesh davlati kabi turkiy davlatlarning davlatchilik tajribasi va an’analari ga asoslangan. Qoraxoniylar sulolasi davlat boshqaruvida bu tajribalardan unumli foydalanib, o’z navbatida, uni rivojlantirib, yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqqan. Qoraxoniylar davlati dastlab tashkil topgan vaqtda (9-asr o’rtasi) ma’muriy-boshqaruv tizimi, qabilalarning o’zaro Ittifoqi negiziga asoslangan edi. Bunda davlat boshlig’i «yabg’u» deb nomlangan. O’lkadagi barcha qabilalar yabg’uga bo’ysungan, ayni vaqtda yabg’u o’zi hukmronlik qilayotgan hududdagi barcha qabilalarni tashqi hujumlardan himoya qilgan. Joylarda har bir qabilani o’z sardorlari boshqargan. Qabila sardorlari ayni vaqtda, shu qabilani harbiy sarkardasi bo’lib, xoqon noibi hisoblangan. Harbiy harakatlar vaqtida ular yabg’uning buyrug’iga binoan o’z harbiy bo’linmalari bilan urushda qatnashishgan. Vaqt o’tishi bilan qoraxoniylarning bu ma’muriy boshqaruv usuli rivojlanib, takomillashib borgan. 10-asrning o’rtalariga kelib, Qoraxoniylar davlati o’z tarkibiga qo’shni qabilalarni ham qo’shib olib, hududiy jihatdan kengayib, katta siyosiy kuchga aylangach, ularning davlat boshqaruvida ham ma’lum islohotlar yuz berdi. Davlat tepasida odatda «Qoraxon» unvoni bilan ulug’langan «buyuk xon» o’tirgan. Xonlik taxtiga og’a-inichilik udumi asosida sulolaning eng yoshi ulug’ kishisi o’tirgan. Xonlar «Qoraxon» unvoni bilan birga Tavg’achxon, Arslonxon, Bug’roxon kabi faxriy unvonlar bilan ham ulug’langan. Qoraxoniylar davlat boshqaruvi yuqoridan quyiga qarab shakllantirilgan bo’lib, davlat viloyatlarga bo’lib idora qilingan. El-yurt hokimlari eloqxon deb nomlanib, bu unvon egalari «elning oq xoni», ya’ni «buyuk xon» Qoraxondan nufuz va darajasiga ko’ra keyingi o’rinda turuvchi «kichik xon» hisoblangan. Elokxonlar xoqon noibi bo’lishsa-da, o’lkada o’z nomlari bilan tanga-chaqalar zarb etib, ichki va tashqi siyosatda mustaqillikka intilishgan. Eloqxonlar orasida, Movarounnahr eloqxoni katta obro’ga ega bo’lib, u, odatda, Samarqandda turgan. Bu davrda viloyatlarni «takin» unvonidagi kishilar boshqargan. «Takin» atamasi dastlab qadim turkiylarda xoqon vorisi, valiahdiga nisbatan qo’llanilib, keyinchalik harbiy lashkarboshilar unvoni sifatida ham ishlatilgan. Somoniylar va Qoraxoniylar davriga kelib «takin» unvonidagi harbiy lashkarboshilar ayni vaqtda biron-bir viloyat noibligini ham boshqargan. Qoraxoniylar davrida takinlarning nufuzi oshgan. Chunki harbiy yurishlar vaqtida ular davlat hayotida muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Shaharlar boshqaruvi esa shahar hokimi, rais va muhtasiblar qo’lida bo’lgan. Ular shaharning ichki hayoti va ijtimoiy-iqtisodiy ravnaqi uchun mas’ul hisoblangan. Diniy hayotda islom dini davlat mafkurasi darajasiga ko’tarilgan. Davlatning mustahkamligi va goyaviy birligi uchun Qoraxoniylar ruhoniylar bilan yaqin va do’stona munosabatda bo’lishga intilishgan. Bu davrda imomlar, saidlar, shayxlar va sadrlarga e’tibor kuchayib, ularning ob-ro’si nihoyatda baland bo’lgan. Bu esa davlatning siyosiy hayotida ular ta’sirining kuchayishi va vaqf yerlarining kengayishiga olib kelgan. Madaniyati. Qoraxoniylar davrida turli o’lkalarning birlashishi fan va madaniyat rivojiga ham imkon berdi. Bu davrda Buxoro, Samarqand, Bolasog’un, Qashqar, O’zgan kabi shaharlar ham ma’muriy, ham madaniy markaz sifatida ahamiyati oshib, yanada kengayib, rivojlanib borgan. Qoraxoniylar fan va madaniyatning o’lka hayotidagi muhim o’rnini anglab unga homiylik qilishgan. Buyuk ipak yo’li asosidagi hududlararo savdo-sotiq yanada ravnaq topdi. Shu davrda bunyod etilib, hozirgacha saqlangan Raboti Malik, masjidi Kalon, Minorai Kalon, Vobkent minorasi, Jarqo’rg’on minorasi, Mag’oki Attori masjidi hamda ko’plab saroy, masjid, madrasa, minora, xonaqoh, maqbara, Tim va karvonsaroy kabi inshootlar Qoraxoniylar davrida hashamatli binolar qurish san’ati yuksak darajada taraqqiy etganliginy ko’rsatadi. Amaliy bezak san’ati — naqshinkorlik, ganchkorlik va kulolchilik yo’nalishlari rivojlangan. Adabiyot yuksalgan. Yusuf xos Hojibning «Qutadg’u bilig», Mahmud Qoshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» kabi asarlari shu davrda yaratilgan. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1991;Koraev O., Istoriya Karaxanidskogo kaganata X — nachalo XIII vv., Frunze, 1983; Muhammadjonov A.R., O’zbekistonta-rixi, T., 1994; Shoniyozov Q., Qarluq davlati va qarluqlar, T., 1999. Behzod Mahmudov.