«Namanganmash» aktsiyadorlik jamiyati
«Namanganmash» aktsiyadorlik jamiyati — «O’zmashsanoat» uyushmasi tarkibidagi yirik korxona. 1962 yilda Namangan mashinasozlik zavodi nomi bilan bunyod etilgan. Korxona, asosan, neft va gaz sanoatida, kommunal xo’jaligida ishlatiladigan suriluvchi shpindelli egiluvchan klinli po’lat, titan, cho’yan zulfinlar, surilmaydigan shpindelli, parallel chuyan zulfinlar, korroziyabardosh membranali klapanlar, yuqori bosimda ishlaydigan ventillar ishlab chiqaradi. 1967 yilda truboprovodli zadvijkalar ishlab chiqarish o’zlashtirildi. 1973 yildan boshlab du-150, du-200 titan zadvijkalar tayyorlash yo’lga qo’yildi va 1980 yilga kelib ularning nomenklaturasi 15 xilga yetkazildi. Ishlab chiqarish hajmlari ko’payib, qo’shimcha ish joylari yaratildi hamda mahsulotlarni eksport qilish yo’lga qo’yildi. Zadvijkalarning yangi turlarini o’zlashtirish va cho’yan hamda po’lat quyma texnologiyalarni joriy qilish maqsadida yangi quyuv tsexi qurib ishga tushirildi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng korxonada respublika ehtiyojlari uchun zarur hisoblangan bir necha turdagi import o’rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlana boshladi. Buning uchun, metall yuzasiga polietilen qoilash va quyuv tsexida po’lat chiqindilarni eritib mahsulotlar quyish texnologiyalari o’rnatildi. Natijada korxonada ishlab chiqarilgan membranali klapanlar, cho’yan va po’lat quyma zulfinlar ichki va tashqi bozorda sotilmoqda. Mahsulotlar (payvandlangan, quyma po’lat zulfinlar), asosan, Belorussiya, Qozog’iston va Rossiya davlatlariga eksport qilinadi.