«Navoiy», Navoiy yubileyi

«Navoiy», Navoiy yubileyi — yuqori sifatli meva beradigan serhosil o’rik navi. Bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Samarqand filialida Arzami, Gulungi navlarini chatishtirib yaratilgan (K. V. Vasilev va L. A. Protasevich). Daraxti kuchli o’sadi. Shox-shabbalarining qalinligi o’rtacha, tupiga yaxshi shakl berish mumkin, balandligi 7,5—9 metrgacha, kengligi 7 metrgacha boradi. Qisman o’zidan va chetdan changlanadi. Mevasi iyun oxiri — iyul boshlarida pishadi. Mevasi yirik, dumaloq, tillarang- sariq va qizg’ish. Po’sti silliq, qalin. Eti och sariq, qattiq.Ko’chati o’tqazilgach, 4-yili hosilga kiradi, 15-17 yoshida tupidan 200 kilogrammgacha meva olinadi. Mevasi yangiligida yeyiladi, konserva qilinadi va qoqi solinadi. Uzoq joylarga yuborishga chidamli.Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun rayonlashtirilgan.