Nishopur
Nishopur — Eronning shimoliy-sharqiy qismidagi shahar, Xuroson ostonida. Aholisi 160 ming kishi (1998). Transport yo’llari tuguni. Sug’orma dehqonchilik qilinadigan rayon (paxta, moyli ekinlar; bog’lar, tokchilik; chorvachilik) markazi. Oziq-ovqat va ko’n sanoati korxonalari bor. Shahar yaqinidan Feruza qazib olinadi. Shaharga 3-asr o’rtalarida asos solingan. Shahar nomini sosoniylar shohi shopur 1 (yoki shopur II) nomi bilan bog’laydilar. Shaharni 7-asr o’rtalarida arablar egallagan. 9-asrda Tohiriylar davlati, 10-asrda Somoniylar davlatining Xuroson noibligi poytaxti. Nishopur 9— 12-asrlarda O’rta Sharqning muhim iqtisodiy markazlaridan edi. 1153 yilda o’g’uzlar, 1221 yilda mo’g’ullar tomonidan vayron qilingan, aholisi deyarli qirib tashlangan. 14-15-asrlarda shahar qayta tiklandi, biroq iqtisodiy ahamiyati pasayib bordi. 1722 yilda afg’onlar tomonidan vayron qilingan. Nishopurda fors shoiri Umar Xayyom va Fariduddin Attor yashab, ijod qilgan va o’sha yerga dafn etilgan.