Nissa

Nissa — Frantsiyaning Janubiy qismidagi shahar, O’rta dengiz bo’yidagi port. Nissa tarixiy viloyati va Soxilbo’yi Alpi departamentining ma’muriy markazi. Aholisi 345,9 ming kishi (1999). Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Moviy qirg’oqdagi muhim kurort markazlaridan. qishi iliq, quyoshli (yanvarning o’rtacha temperaturasi 7°), yozi issiq (iyulning o’rtacha temperaturasi 22°). Yiliga 1000 mm yog’in yog’adi. Aholisining katta qismi xizmat ko’rsatish sohasida band. Oziq-ovqat, to’qimachilik, tikuvchilik, parfyumeriya, mebel, elektrotexnika va boshqa sanoat korxonalari mavjud. Esdalik buyumlari (suvenirlar) tayyorlanadi. Shahar chekkasida gulchilik va mevachilik rivojlangan. Nissada universitet, turli muzeylar bor. Me’moriy yodgorliklardan 17-18-asrlarga oid sobor, cherkov, saroylar saqlangan.