Magnitostriktsion o’zgartirgich
Magnitostriktsion o’zgartirgich — magnit maydon energiyasini mexanik tebranishlar energiyasiga yoki aksincha o’zgartirib beradigan elektrotexnik va elektroakustik qurilma. Ishi materiallarning o’z shakli va o’lchamlarini o’zgartirish (magnitostriktsiya) xususiyatiga asoslangan. Tuzilishi magnitostriktsion materialdan yasalgan o’zak (magnit o’tkazgich) va unga o’ralgan sim chulg’amidan iborat. O’zak sterjen shaklida yoki halqasimon shaklda bo’ladi. Magnitostriktsion o’zgartirgich tarkatuvchi va qabul qiluvchi bo’lishi mumkin. Tarqatuvchi Magnitostriktsion o’zgartirgichda o’zgaruvchi elektr toki chulg’amdan o’tib, o’zgaruvchan magnit maydonini vujudga keltiradi. Uning ta’sirida o’zak dam-badam o’z shakli va o’lchamlarini o’zgartiradi. Qabul qiluvchi Magnitostriktsion o’zgartirgichda o’zakka tashqi mexanik kuchlar (masalan, tovush to’lqinlari) ta’sir qiladi, natijada o’zakda o’zgaruvchan magnit maydon, chulg’amda esa elektr yurituvchi kuch vujudga keladi. Magnitostriktsion o’zgartirgich gidroakustik va Ultratovush qurilmalarida, elektr va radiotexnika jihozlarida, mashinalar, binolar va inshootlarning titrashini o’lchash va boshqalarda qo’llaniladi.