Paramach
Paramach, anjir go’mma — somsa turlaridan biri. Paramachning qatiqli Paramach, oshirma Paramach xillari bor. Qatiqli Paramach, tayyorlash usuli: 2 dona tuxum atalanib, 1,5 stakan qatiq, 100 gramm sariyog’ yoki margarin, 2 choy qoshiq tuz, 1 choy qoshiq choy sodasi, 1 kilogramm chamasi un solib, yumshoq xamir qoriladi. Xamir bir oz tindirib qo’yiladi. 20— 30 grammli zuvalachalar yasab, qalinligi 2-3 millimetrli jildlar yoyiladi. Jildga qiyma solib, o’rtasi tangadek ochiq qoldirib, jimjima qilib tugiladi. Tovadagi qizdirilgan yog’da past olovda avval to’ntarib (ochiq tomoni bilan), so’ngra o’nglab qo’yiladi, pishirish davomida Paramach ichiga qoshikda 1-2 marta yog’ tomizib turiladi (qovurish uchun 0,5 kilogramm yog’ kerak bo’ladi). Oshirma Paramach 0,5 l iliq sutga 1 dona tuxum, 2 choy qoshiq tuz, 100 gramm sariyog, 20 gramm xamirturush (drojji) solib yumshoq xamir qoriladi. Xamir oshgach, qatiqli Paramach singari tugib pishiriladi.