Ismoiliylar davlati
Ismoiliylar davlati – 1090 yil ismoiliylar tuzgan davlat. Markazi Alamut bo’lgan. Unga Eron, Suriya va Ozarbayjondagi bir necha viloyat, shahar va qal’alar kirgan. Ismoiliylar davlati yaxlit hududga birlashmagan edi. Bu davlat hashshoshiylar harakati natijasida vujudga kelgan. Ismoiliylar davlati asoschisi Hasan ibn Sab-boh (1124 yil vafot etgan) va uning avlodlari cheklanmagan siyosiy hamda ma’naviy huquqqa ega bo’lgan. Mahalliy va xalqaro savdo yo’lida joylashgan Ko’histon viloyati Ismoiliylar davlatining taraqqiy etgan qismi edi. Eng yaxshi yaylov va erlarning, karvonlardan keladigan bojlarning ko’pligi tufayli Ismoiliylar davlati iqtisodi tez rivojlandi. Ammo mulkiy tengsizlikning o’sib borishi bilan Ismoiliylar davlatida siyosiy kurash avj oldi. 13-asrning 1 -choragida Ismoiliylar davlati tepasida turgan xalqchil guruh Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdini mo’g’ullarga qarshi kurashini qo’llab-quvvatlagan. Biroq keyinchalik Ismoiliylar davlatidagi ichki qarama-qarshilikdan foydalangan mo’g’ullar Alamutni (1256), Ismoiliylar davlatining Suriyadagi mulklarini esa mamluklar egalladi. Ad.: Bosvort K. E., Musulmanskie dinastii, M., 1971; Istoriya stran zarubejnoy Azii v srednie veka, M., 1970.