Ish beruvchilar

Ish beruvchilar — xodimni ishga olish huquqi bo’lgan yuridik yoki jismoniy shaxslar. O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksiga ko’ra: korxonalar, shu jumladan, ularning alohida tarkibiy bo’linmalari o’z rahbarlari timsolida; mulkdorlarning o’zi ayni bir vaqtda rahbar bo’lgan xususiy korxonalar; 18 yoshga to’lgan ayrim shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda Ish beruvchilar bo’lishi mumkin. Ish beruvchilarning huquq va burchlari, majburiyatlari, xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzish shartlari O’zbekiston Respublikasining MK va mehnatga oid qonunlarida belgilab berilgan. Qonunga ko’ra, Ish beruvchilar korxonani boshqarish va o’z vakolatlari doirasida mustaqil qarorlar qabul qilish; qonun hujjatlariga muvofiq yakka tartibdagi mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish; mehnat shartno- masida ko’rsatilgan ishni lozim darajada bajarishni xodimdan talab qilish; o’z manfaatlarini himoya qilish uchun boshqa Ish beruvchilar bilan birga jamoat birlashmalari tuzish va bunday birlashmalarga a’zo bo’lish huquqiga ega. Ish beruvchilar xodimlar vakillik organlari (kasaba uyushmalari va ularning saylab qo’yiladigan organlari yoki xodimlar tomonidan saylanadigan boshqa organlar)ning huquqlariga rioya qilishi, ularning faoliyatiga ko’maklashishi shart. Korxonada Ish beruvchilar nomidan vakillikni ma’muriyatning mansabdor shaxslari mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, ularning ustavlari yoki nizomlari asosida berilgan vakolatlar doirasida amalga oshiradi. Qonunda Ish beruvchilarning ishga qabul qilishni g’ayriqonuniy ravishda rad etishga yo’l qo’ymasligi ko’rsatib o’tilgan (O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi, 78-modda).