ASHINA XELU

ASHINA XELU (7-asr) — G’arbiy turk xoqonligi xoqonlaridan biri. 645 yil Tan sulolasi Yaochi tumani (hozirgi Xitoydagi Urumchi shahrining shimoliy-sharqidagi Fukan uezdi) da Ashina xelu boshchiligida noiblik barpo etgan. Xitoy imperatori Li Shimin shu yo’l bilan turkiy qavmlarga o’z ta’sirini o’tkazib, ularning mulklarini egallab olmoqchi bo’lgan. Biroq 651 yil Ashina xelu katta kuch to’plab tan imperiyasi yerlariga hujum qilgan. Bunga javoban Xitoy Ashina xeluga qarshi jazo qo’shini jo’natgan. Ko’p yillik janglardan so’nggina Xitoy turkiylarni yenga olgan. Ashina xeluni hiyla bilan Chochga boshlab keltirib, asir olganlar va tan qo’shinlari qo’mondoni qo’liga topshirganlar.