ZANGIOTA MAJMUASI
ZANGIOTA MAJMUASI — Toshkent viloyati Zangiota qishlog’idagi me’moriy yodgorlik (15—20 asrlar). Zangiota majmuasi Zangiota, Anbar Bibi maqbarasi, darvozaxona, madrasa, masjid, xonaqoh-shiypon, minora va hovuzdan iborat. Anbar Bibi maqbarasi, hovuz, shiypon va darvozaxona alohida-alohida qilib qurilgan. Zangiota maqbarasi esa madrasa va masjid bilan yonmayon tushgan bo’lib, hovliga shimoliy Sharq va shimol, G’arbdagi darvozalar orqali o’tiladi. Minora ham shu hovlining o’rtarog’i Zangiota maqbarasiga, masjid va maqbaraga yaqinroq qilib qurilgan. Zangiota majmuasiga ikki tomoni terakzorli xiyobon orqali boriladi. Majmuaga Janubdan qadimgi qabriston tutashgan, uning atrofi devor bilan o’ralgan. Zangiota maqbarasi peshtoqi hovliga qaragan, qolgan uch tomoni esa qabristonga yondosh qilib qurilgan. Zangiota maqbarasi dastlab 4 xonali (ziyoratxona, go’rxona va uning ikki yonida kichik xona qodiqlari saqlangan), bezaksiz bo’lgan. Ichki xona devorlari ravoqli chorsi asosdan, burchaklaridagi bag’al sakkiz qirrali, gumbazlari har xil. Darcha va tobadonlar ishlangan. Go’rxonadagi oq marmar qabrtoshiga nafis o’yma naqsh va arabiy xatlar bitilgan. Keyinchalik maqbara oldiga peshtoq qurilib koshinkori bezak berilgan. Peshtoq va xonalar tashqi devori, ziyoratxona va go’rxona poygumbazi sayqallangan Zangiota majmuasidagi minora g’ishtchalar, o’ymakor rang-barang koshinlar bilan bezatilgan. Ichki xona izorasi parchinli, mehrobiga «P» shaklida koshin va arabiy yozuv bitilgan. Gumbaz osti bezaklari ustiga zarhal berilgan. Peshtog’idagi namoyon hoshiyalari sopol, sirkor g’isht va yig’ma koshin terilib, unga sakkiz burchakli turunjlar ishlangan. Maqbara Amir Temur tomonidan qurilganligi (14 asr 80 yillari) va Ulug’bek davrida (15 asrning 20 yillari) bezak ishlari bajarilganligi aniklangan. 16—17 asrlarda peshtoq va gumbazlari ta’mirlangan. Maqbara yoniga bir qavatli madrasa va Namozgoh masjidi qurilgan (1832). Madrasa bir qavatli qator hujra, 2 darvozaxona va 3 yirikroq xona (darsxona)dan iborat. 1870 yilda Zangiota majmuasi ta’mirlanib, Namozgoh masjidining peshayvoni qurilgan. Qo’qonlik usta hoji Muhammad bezagan. Majmua atrofi obodonlashtirilib, tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan.