YOVVOYI ECHKILAR

YOVVOYI ECHKILAR (Sarga) quvushshoxlilar oilasiga mansub juft tuyoqli hayvonlarning bir urug’i. Qo’ylar urug’i bilan birgalikda echkisimonlar kenja oilasi (Capravinae) HH tashkil etadi. Tuzilishi va yashash muhiti jihatdan qo’ylarga o’xshaydi, lekin ulardan soqoli va takalarining dumi ustida sassiq hidli sekret chiqaradigan teri bezlari borligi, tuyoq orasi va ko’zoldi bezlari yo’qligi, manglayi kengligi, dumining kaltaligi hamda dumi ostida Yung bo’lmasligi bilan farq qiladi. Takasining shoxi yirik, shakli va tuzilishi xilma-xil. Urg’ochilarining shoxi kichik va deyarli bir xil. Yungi dag’al qildan va qalin tivitdan iborat. Shimoliy G’arbiy Afrika, Yevropa va Osiyo tog’larida 8 turi tarqalgan. Dengiz sathidan 5,5 ming metr balandlikkacha ko’tariladi. Bo’g’ozlik davri 5 oy. May—iyunda 2 ta bola tug’adi. Bolasi 2 yoshda voyaga yetadi. Go’shti va terisi uchun ovlanadi. Qo’lga tez o’rganib, urchiydi. O’simliklar bilan oziqlanadi. Yovvoyi echkilar shoxlarining tuzilishiga ko’ra 3 guruhga bo’linadi: 1-guruhga uch qirrali va kamalaksimon shoxli echkilar kiradi. Bu guruhga Janubiy Sibir, Markaziy Osiyo tog’larida yashaydigan tog’ takalari (Sarga sibirica), Alp tog’larida yashaydigan Alp echkilari (Sarga severtzovi) kiradi. 2-guruhga yassi shoxli echkilar, ya’ni O’zbekiston, Tojikiston va Afg’oniston tog’larida uchraydigan morxo’r (Sarga falconeri), Janubiy Osiyo, kichik Osiyo, Kavkaz, Turkmaniston tog’larida yashaydigan bezoar echki yoki tog’kiyigi (Sarga aegagrus) kabilar kiradi. 3guruhga spiralsimon burama shoxli echkilar — katta Kavkaz tog’larining Sharqiy qismida yashaydigan Dog’iston turlari (Sarga cylindricornis), Periney yarim orolidagi tog’larda tarqalgan ispan echkilari (Sarga pyrenaica) kiradi.