Qadimiy Samarqandni suv bilan ta’minlash
Samarqand tarixida suv bilan ta’minlash masalasi muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Bu muhim hayotiy masalani hal qilmay turib, Zarafshon daryosi so’l qirg’og’idagi baland-pastliklarda joylashgan shaharning normal hayot kechirishi mumkin emasdi. Zarafshon vodiysi so’l qirg’og’idagi tog’ etagi tekisligi (Samarqand territoriyasi bilan birga) Samarqanddan 42 kilometr janubi-sharqda joylashgan Rabotxo’jadan boshlanadigan Darg’om irrigatsiya sistemasi orqali azaldan sug’orib kelingan.
Darg’om kanali qurilgan vaqtni aniqlash uchun arxeologlardan bir gruppasi 1967 yilda Darg’om irrigatsiya sistemasining yuqori qismida tekshirish ishlari sistemasining yuqori qismida tekshirish ishlari olib borishdi. Samarqand vohasi chap qirg’og’i qismining eng asosiy suv yo’li bo’lgan bu kanal milodimiz bo’sag’asida, bundan qariyb ikki ming yil muqaddam qurilganligi aniqlandi. Demak, Darg’om ilk Samarqanddan bir necha asr yosh ekan. Xo’sh, unday bo’lsa, Afrosiyobdagi qadimiy Samarqand suvni qayerdan olgan?
Shaharning eng qadimiy irrigatsiya sistemalari o’tkazilgan vaqtda joyning geografik holati muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Samarqand vohasi ikki qismdan: vodiy va adirdan iborat. Vohaning vodiy qismi – allyuvial tekislik, ya’ni Zarafshon daryosining qadimiy vodiysi, adir qismi esa prolyuvial tekislik bo’lib, tog’ etagidir. Samarqand Zarafshonning qadimiy (allyuvial) vodiysidan sal balandroq bo’lgan shu daryo chap qirg’og’i tog’ etgidagi prolyuvial tekislikda joylashgan Samarqand tekisligi sharqdan va janubi-sharqdan g’arbga va shimoli-g’arbga tomon, tog’ etaklaridan Zarafshon vodiysiga qarab pasayib boradi. Samarqand tekisligi sathining o’rtacha qiyaligi 0,004 dan oshmaydi.
Zarafshon tizma tog’i tarmoqlarining shimoliy yon bag’irlaridan oqib tushgan soylar qadim zamonlarda juda ko’p o’zanlarni hosil qilgan. Bu o’zanlar Samarqandning tog’oldi chap qirg’oq tekisligini kesib o’tgan. Bu soylarning bahorgi sel oqimlari Samarqandgacha yetib kelib, Siyobga quyilgan bo’lsa ehtimol. Siyobning chap qirg’og’ini Samarqand territoriyasida qadimiy o’zanlar kesib o’tib, chuqur va keng jarlar hosil qilgan.
Qadimiy Samarqandning birinchi tadqiqotchilaridan bo’lgan V.G.Grigoryevning fikricha, shaharning sug’orish sistemasi tog’lardan oqib tushadigan soylar bilan bog’liq edi. Ammo Samarqandning tog’ soylari soimo bir xilda oqmay, bahorda jo’shqin oqimlarga aylangan, yozda esa qurib qolgan.
Samarqand territoriyasi 1-20 metr chuqurlikda joylashgan yer osti suvlari yuzaga yaqinlashadi. Vodiyning eng past uchastkalarida, ayniqsa yuqorida aytilgan soylarning chuqur o’zanlarida yer osti suvlati ancha ko’p bo’lib ular buloqlar hosil qilgan. Shubhasiz, buloqlar Samarqanddagi eng qadimiy insonlar uchun asosiy suv manbai bo’lib xizmat etgan. Samarqanddagi Komsomol ko’li territoriyasida topilgan va Chashman Siyob arig’ining o’ng sohilida joylashgan buloqlardan suv oladigan yuqori paleolit makoni ana shundan yorqin dalolat berib turibdi. Bo’lajak shahar territoriyasi atrofidagi juda ko’p buloqlar Samarqandning eng qadimiy quruvchilari diqqat-e’tiborini o’ziga jalb qilmay qolmas edi.
Shahar territoriyasida hozirgi kunda ancha-muncha suv chiqadigan buloqlar bor. Ular Afrosiyobning Siyob sohilidagi Xo’ja Doniyor qabri yaqinida; shahar xarobaasining shimoli-sharqiy burchagida Obimashgad arig’ining chap qirg’og’ida (undan sekundiga 0,001 kubometr suv chiqadi) shaharning Xo’ja Ahror darvozasi yonidagi limonad zavodi yaqinida; Komsomol ko’li yaqinida va boshqa joylarda uchraydi. Bu buloqlar shu yerdagi qadimiy qishloqlarni emas, balki ular zaminida vujudga kelgan va ko’p ming aholiga ega bo’lgan qadimiy Samarqandni ham suv bilan ta’minlashi mumkin edi.
Soylarning chuqur o’zanlarida vujudga kelgan juda qadim zamonlardagi buloq suvlari hozirgi Samarqand territoriyasini meridian bo’yicha bir necha joylarda esa changalzor va qamishzor bilan qoplangan kichik ko’lmak va botqoqliklar vujudga keltirgan. Buloqlarning suvi Siyob va u orqali Zarafshonga oqib tushgan Obimashhad (Obimashad), Novadon, Chashman Siyob yoki Siyobcha va boshqalar buloq suvlari oqadigan tabiiy ariqchalar hisoblangan. Buni tarixiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlar ham tasdiqlaydi: “Obimashhad bulog’i – deb yozadi Abu Tohirxoja, — shahardan ikki mil (5 chaqirimcha) uzoqlikdan, janubi-sharqiy tomondan chiqib, shahar devori va Afrosiyob qo’rg’oni tagidan o’tib, Siyoh obga quyuladi”.
Ehrimol, dastlab Afrosiyob territoriyasidagi aholini suv bilan ta’minlagan Samarqandning eng qadimiy irrigatsiya sistemasi buloq suvlari hisobiga o’tkazilgan bo’lsa kerak.
Novadon Samarqanddagi suvga serob ariqlardan biri bo’lgan. 1926 yilgi gidrologiya ma’lumotlariga ko’ra, undan sekundiga 0,072 kubometr yoki 72 litrga yaqin suv oqqan. Bu esa sutkasiga 6 million litr suvni tashkil etadi. Bunday miqdordagi suv qadimiy Afrosiyob shahrininggina emas, balki Temur va temuriylar davrida aholi eng zich joylashgan Samarqand shahri aholisining ham hayotiy ehtiyojlarini qondirishi mumkin bo’lgn. Abu Tohirxojaning Samariya kitobida yozishicha, “Novadon bulog’i shahar toshidan, janub tomondan chiqib, Xo’ja Ahror darvozasi atalgan shahar darvozasi yonidan oqib, shahar o’rtasidan o’tib, Siyoh ob arig’iga quyuladi. Ba’zilar Samar qozdirgan buloq ushbudir, deydilar”.
Novadon va buloqdan bosh olgan boshqa Obimashhad qadim zamonlarda hozirgi o’zanidan ancha yuqorida joylashgan bo’lib, keyinchalik chuqurlashib ketgan. Samarqand territoriyasining eng qadimiy yuzasi hozirgiga nisbatan pastroq bo’lgan va shahardagi jo’shqin hayot natijasida madaniy qatlamning to’plana borishi hisobiga asta-sekin ko’tarilgan. Shu sababli ham qadimiy Samarqand miroblari buloqlardan hosil bo’lgan soylarning suvini Afrosiyob territoriyasiga olib kelishga muvaffaq bo’lganlar.
Samarqand vodiysining prolyuvial qismida asosiy suv manbai hisoblangan buloq suvlari Afrosiyobda eng qadimiy shaharning bunyod etilish tarixida muhim rol o’ynadi. Samarqandliklarning Siyob va Obimashhad suvini “Obi hayot” deb izzatlaganliklari ham shundan dalolat berib turibdi. Ana shu suvlarning sohillarida qadim zamonlardan beri ilk bahorda yangi yil – Navro’z bayrami arafasida “qozon to’ldi”, “boy bo’ldi”, “gunoh to’kildi” kabi musulmon dinigacha mavjud bo’lgan mahalliy marosim va rasm-rusmlar bilan birga xalq sayillari, tantanalari o’tkazilardi. Afrosiyobga janub tomondan uch magistral kanal – markaziy, g’arbiy va sharqiy kanallar orqali suv keltirilgan. Markaziy kanallar suv boshida shimoli-sharqqa qarab, so’ngra Shayx Basir mozori yaqinida shimolga – shimoli-sharqqa burilib, keyin arkka qarab oqqan. Kanalning qoldiqlari hozirgi vaqtgacha ham yetib kelgan: uning izlarini Afrosiyob territoriyasida qariyb 1,5 kilometr uzunlikda ko’rish mumkin. V.L.Vyatkinning yozishicha, shaharga kiraverishda markaziy kanaldan chap-g’arbiy tarmoq ajralib chiqqan. U Hazrati Xizr machitidan boshlab qadimiy shaharning shimoliga – Buxoro darvozasi tomon oqqan. Shayx Basir mozori yaqinida markaziy o’zanning o’ng tomonidan shimoli-sharqqa qarab sharqiy kanal bosh olgan. Hazrati Xizr machiti yonida markaziy o’zandan sharq tomon ajralib chiqqan shoxobchalaridan biri Afrosiyobning janubiy qismini sug’organ. Bu shoxobcha izlari Shohizinda ansamblining g’arbiy tomonida yaxshi saqlanib qolgan.
1959-1965 yillarda Afrosiyobdagi qadimiy irrigatsiya sistemasi o’zanlarinign qurib qolgan bir necha punktlarida o’tkazilgan arxeologik qazishmalar vaqtida shahar kanali asosiy o’zanlarning kattaligigina emas, balki ularning qazilgan va suv oqqan vaqtlari ham aniqlandi. Markaziy o’zanning ikki va janubiy yon o’zanning uch punktida qazilgan shurf va kesmalar ayniqsa qimmatli ma’lumotlar berdi. Har ikki uchastkada madaniy irrigatsiya cho’kindilarining ayrim qatlamlari bo’lgan bir necha o’zan izlari aniqlandi. Pastki qatlamlar antik davr, yuqori qatlamlar esa o’rta asrga oid o’zanga taalluqlidir.
Qadimiy o’zan materik tuproqda bo’lib, keng va sayoz (kengligi 6 metrdan ziyod, chuqurligi 70-80 santimetr) bo’lgan. Afrosiyobning shahar kanali o’zanining ko’ndalang kesmasi, antik davrlardagi kanallarga o’xshash bo’lib, bunday kanallar ayniqsa, Xorazmdagi qadimiy dehqonchilik rayonlarida yaxshi o’rganilgan. Arxeologik qazishmalar madaniy-irrigatsiya cho’kindilari tufayli kanalning dastlabki o’zani ustida vujudga kelgan shahar kanali antik, shuningdek, o’rta asr davrida ham turli bosqichlarga ega bo’lganligini ko’rsatib turibdi.
Afrosiyob territoriyasida shahar kanalining uch asosiy o’zanidan ancha ariqlar chiqarilib, ularning suvlari katta hovuzlarga oqqan. Bu hovuzlarning qoldiqlari Afrosiyobning shimoliy, shimoli-g’arbiy va janubiy qismlaridan topildi. Bu qadimiy hovuzlar Afrosiyobni suv bilan ta’minlashda, ayniqsa dushman shaharni qamal qilib, uni oqar suvdan mahrum etgan kezlarda g’oyat muhim rol o’ynaganligi shubhasizdir. Kanaldan suv urib ketganda yoki to’g’ron buzilganda, shahar mudofaadagilari suvdan mahrum etilgan taqdirda Afrosiyob territoriyasida va unga tutash joylarda Doniyor mozori yaqinidagi buloq va Siyob tashqari ishonchli suv manbai yo’q edi. Shu sababli Afrosiyobda qadimiy hovuzlar juda zarur bo’lib, shahar mudofaasi uchun muhim ahamiyatga ega edi.
Kanal o’zanining pastki qatlamlarida qazib olingan eng qadimiy sopol materiallar miloddan avvalgi birinchi va milodiy I-II asrlarga to’g’ri keladi. Buni madaniy-irrigatsiya qatlamlari, odatda, kanaldan foydalana boshlagan davrdan paydo bo’la boshlaganligi kanal bo’sh yotgan, ya’ni shaharni suv bilan ta’minlaydigan butun Sistema biron sababga ko’ra qarovsiz qolgan va muntazam remont qilinmagan chog’da ko’payganligi bilan izohlash mumkin. Afrosiyobdagi eng qadimgi irrigatsiya sistemasi uning o’zanida madaniy-irrigatsiya qatlamlari vujudga kelishidan ancha ilgari mavjud bo’lganligi va ishlab turganligi tabiiydir. Bu Sistema Samaqand barpo etilgan davrda, ya’ni Afrosiyob shahari hayotining birinchi bosqichida qurilgan bo’lishi mumkin. Biroq Novadon va Obimashhad suvlari Afrosiyob shahri atrofidagi katta maydonlarni o’zlashtirish uchun yetarli emas edi. Shu boisdan o’sha davrda Samarqand atrofidagi ko’pgina joylarni sug’orish mumkin bo’lmagan. Asosiy ekin maydonlari esa Zarafshon chap qirg’og’ining allyuvial tekisligida, ya’ni Siyob vodiysida joylashgan bo’lib, ular asosan juda ko’plab buloqlardan hosil bo’lgan Siyob suvi bilan sug’orilgan.
Milod boshida qadimiy Samaqandni suv bilan ta’minlashda yangi davr boshlandi. O’rta Osiyoda quldorlik tuzumi ravnaq topgan Kushan imperiyasi hukmronligi vaqtida butun mamlakatda katta irrigatsiya qurilish ishlari amalga oshirildi. So’g’d markazida Zarafshon chap qirg’og’i tog’oldi tekisligini o’zlashtirish maqsadida Zarafshon daryosidan suv oladigan Darg’om kanali qazildi. Ana shu kanal orqali Samaqand atrofining prolyuvial qismi to’la sug’orildi va ekinzorga aylantirildi. Obimashhad va Novadon buloqlaridan suv olgan shahar kanali qadimiy Samarqandni Darg’om bilan bog’lagan (Keyinchalik xuddi shu kanalning o’zi Jakarzida yoki Chokardiza deb atalgan bo’lsa kerak). Bu kanal faqat Samarqandni emas, baki uning atrofidagi joylarni ham suv bilan ta’minlash problemasini hal etdi. Uning Afrosiyob xarobalarida, ayniqsa markaziy o’zan kesmalarida aniq izlari qolgan.
Milod boshida Darg’om kanalining qurilishi va shaharning ana shu kanal orqali suv bilan ta’minlanishi orqali Afrosiyobdagi eng qadimgi irrigatsiya sistemasi ham tiklanadi. Qadimiy o’zan eni jihatidan (6 metr) deyarli o’zgarmay qolgan, lekin u ancha chuqurlashgan (1 metrgacha), ya’ni suvi ko’paygan. IV asrning oxiri va V asrning boshlarida kanal o’zanini loyqa bosadi. Bu davrga kelib, uni tubi va qirg’oqlari yana 40 santimetr ko’tariladi. Kanal juda sayozlashib, uning tubi dastlabkisiga nisbatan 1 metr yuqori bo’lib qoladi. Shunday qilib, dastlabki kichik buloqlardan suv olgan, so’ngra esa Darg’om irrigatsiya sistemasiga birlashtirilib, Samarqandni suv bilan ta’minlagan eng qadimiy irrigatsiya sistemasi antik davrda uch bosqichni kechirgan. Bu bosqichlar Afrosiyobdan o’tgan kanalning dastlabki o’zanida vujudga kelgan irrigatsiya qatlamlarida yaxshi ko’zga tashlanadi. Samarqandning qadimgi irrigatorlari har bir qarich yerning tabiiy xususiyatini yaxshi bilgan va hisobga olgan holda Afrosiyob territoriyasining murakkab relyefi sharoitida kanalni juda mohirlik bilan qurganlar. Bu – butun tarix davomida, ya’ni Samarqand shahri vujudga kelgan paytdan boshlab (miloddan oldingi V asr), Chingizxon tomonidan uni vayron qilingan davrga qadar Afrosiyobdagi asosiy suv yo’llarining o’zgarmaganligi bilan ham tasdiqlanadi. O’z holiga tashlab qo’yilgan o’zan ba’zan tiklangan yoki arxeologik qazishmalar ko’rsatganidek, yangitdan qurilgan kanal Afrosiyobning antik davrdagi kanali o’zani bo’yicha o’tgan.