O’ZBEK DAVLAT SAYYOR KONTSERT ETNOGRAFIK TRUPPASI
O’ZBEK DAVLAT SAYYOR KONTSERT ETNOGRAFIK TRUPPASI — O’zbekistonda ilk professional ashula va raqs ansambli. 1926 yil O’zbekiston xalq maorifi komissarligi qoshida M.Qoriyoqubov tashabbusi bilan va uning rahbarligida tashkil etilgan. Unda xalq san’ati bilimdonlari hamda yosh iste’dodli sozanda, xonanda va raqqos(a) lari to’plangan. Ansamblning dastlabki tarkibida Abduqodir naychi Ismoilov, Ahmadjon qo’shnay Umrzoqov, usta Olim Komilov, Xaitoxun Qurbonov, T.Jalilov, Mamatbuva Hofiz Sattorov, Orif garmon Toshmatov, J.Sultonov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Otaxo’ja Saidxo’jayev, Muhammad Bobohoji, Xuloyberdi, Tamaraxonim, Begimxon va Nurxon Yo’ldoshxo’jayevalar, Tuhfaxon, Tojixon, Xalchaxon kabilar bo’lgan. Uning repertuaridan xalq lapar va yallalari («Bilaguzuk», «Chamannor», «Gulyor»), raqslar («Qarinavo», «Katta o’yin»), zamonaviy shsr va qo’shiqlar, Yusufjon qiziqning dolzarb mavzudagi hajviyalari. shuningdek, turli sahna tomoshalari (masalan, Hamzaning «Yer islohoti» va boshqalar) asosiy o’rin olgan. Ansambl, shuningdek, o’zbek mumtoz va xalq musiqa namunalarini targ’ib qilgan, «Erk bolalari», «Tuyg’unoy» (G’.Zafariy), «Lolaxon» (K.Yashin) kabi musiqali spektakllarni sahnalashtirgan. 1927 yil Rossiya, Ukraina, Tatariston, Boshqirdiston, Gruziya, Ozarbayjon, Turkmaniston shaharlarida kontsertlar berib Shuhrat qozongan. 1929 yil may oyida O’zbek davlat musiqali eksperimental ansambli nomi berilgan, oktyabrda O’zbek davlat musiqali teatrita aylantirilgan.