O’LJA
O’LJA — 1) urushda zafar quchgan g’oliblar tomonidan qo’lga kiritilgan qurol-yaroq, jangovar texnika va harbiy asbob-anjomlar. O’rta asrlarda o’zgalar yurtini g’orat qilish oqibatida qo’lga tushirilgan mol-mulk, harbiy aslaha va asirlar ham O’lja deb yuritilgan. Odatga ko’ra, lashkar qo’lga olgan O’lja bir yerga jamlanib, so’ng 5 ulushga bo’lingan. O’.ning bir qismi hukmdorga berilgan, qolgan 4 qismi esa sarkardalar va jangchilar o’rtasida martabasiga qarab taqsimlangan. Ba’zan O’ljani taqsimlash muayyan ziddiyatlarga sababchi bo’lgan. Jumladan, Parvon jangisa mo’g’ullarni tormor etgan Jaloliddin Manguberdi qo’liga tushgan ulkan O’lja ichidagi Arab otiga egalik qilish xususidagi Amin Malik hamda Sayfuddin Ig’roq o’rtasidagi bahsning adolatli hal qilinmaganligi oxiroqibat Sulton kuchining zaiflashuvi va Sind daryosi bo’yidagi jangaa mag’lubiyatga olib kelgan edi; 2) ovda qo’lga tushiriladigan, tutib yoki otib olinadigan jonzotlar ham «O’lja» istilohi bilan nomlangan. Qoraxoniylar davrida O’lja «Barku» hamda «yarmaqan» atamalari bilan atalgan. Eski o’zbek tilida O’lja ma’nosida Arabcha «g’aniymat» atamasi ham qo’llangan.