O’T UNI
O’T UNI — yuqori haroratda quritilgan, maydalangan o’tlardan tayyorlanadigan chorvachilik ozuqa mahsuloti. O’t unini tayyorlashning texnologik jarayoni o’tlarni o’rish (dukkakli o’simliklarni g’unchalash, qo’ng’irboshlilarni boshoqlash fazasida), maydalash (ushoqlash), quritish, ushoqlarni tuyish, grag’gula (donador)lashdan iborat. O’t unini tayyorlashda o’tlar maxsus agregatlarda quritiladi va maydalanadi. Karotinning yaxshi saqlanishi uchun omborlarda saqlanadigan O’t uniga antioksidantlar (santoxin va boshqalar) qo’shiladi. Poyasi qotmagan, barra, serbarg o’tlardan tayyorlangan O’t uni to’yimliligi jihatidan ko’plab donli emlardan qolishmaydi, hatto oqsil, mineral moddalar, vitaminlar miqdoriga ko’ra ulardan ustunlik qiladi. 1 kilogramm O’t unida 0,7—0,9 ozuqa birligi, 140-150 gramm hazm bo’ladigan protein, 200-300 mg karotin, E,K,V guruh vitaminlari bor. O’t uni barcha qishloq xo’jalik hayvonlari emiga qo’shiladigan qimmatli, proteinli va vitaminli qo’shimcha. Qoramollar rasionida 30-40% donli aralash yemni O’t uni bilan almashtirish mumkin. O’t uni qo’shilgan yem aralashmalarini vitaminlarga zarar etkazmasligi uchun bug’lash va qaynatish mumkin emas. Tal’at Akmalxonov.